"Mili teks Sirdaryo" korxonasi: Xomashyodan tayyor mahsulotgacha
02.10.2024
467
To‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati milliy iqtisodiyotning strategik muhim tarmog‘i hisoblanadi. Ana shu sababli Sirdaryo viloyatida ham to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilyapti.
Bu, birinchidan, viloyatda yetishtirilayotgan paxta xomashyosini qayta ishlash orqali undan yarim tayyor va tayyor mahsulot ishlab chiqarish, ikkinchidan, viloyatning eksport salohiyatini oshirish, uchinchidan esa, aholining ishsiz qatlamini ish bilan ta'minlash imkonini beryapti.
Buni Guliston tumanidagi aralash kalava va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Mili teks Sirdaryo" korxonasi misolida aytish mumkin. Ishlab chiqarish quvvati 10 ming tonna bo‘lgan mazkur korxonada o‘tgan yili 6,5 million dollarlik, joriy yilning o‘tgan davrida esa 5 million dollarlik yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarildi. Ushbu mahsulotlarning asosiy xaridori Xitoy, Rossiya, Turkiya, Pokiston, Misr kabi davlatlar hisoblanadi.
Loyiha qiymati 100 million dollar bo‘lgan mazkur korxonaning birinchi bosqich ishlari yakuniga yetib, unda yarim tayyor ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, ikkinchi bosqich ishlari nihoyasiga yetkazilgach korxonada ishlab chiqarilayotgan, eksportga yo‘naltirilayotgan yarim tayyor mahsulotlar shu yerning o‘zida qayta ishlanib, trikotaj mahsulotlariga aylantiriladi. Bu esa, o‘z o‘rnida valyuta tushumining ko‘payishiga, viloyatning eksport salohiyati ortishiga xizmat qiladi.
Aralash kalava va trikotaj ishlab chiqarish loyihasining birinchi bosqich ishlariga “O‘zmilliybank” AJning Sirdaryo viloyati Bosh boshqarmasi Guliston amaliyot bankining 40 million dollarga yaqin pul mablag‘i yo‘naltirilib, 500 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqich ishlariga mazkur bankning 35 million dollar miqdoridagi kredit mablag‘i yo‘naltirilib, qo‘shimcha 600 ta ish o‘rni yaratiladi.
Bu boradagi ishlar esa allaqachon boshlab yuborilgan. Ayni vaqtda ikkinchi bosqich jarayonida ishga tushishi kutilayotgan tayyor mahsulot ishlab chiqarish sexi binosida qurilish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, unga olib kelib o‘rnatilishi lozim bo‘lgan mato to‘qish, bo‘yash liniyalarini sotib olish uchun bank va korxona ta'sischilari o‘rtasida muzokara olib borilyapti.
– Yarim tayyor mahsulotdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish nafaqat korxonada ishlayotgan ishchi-xizmatchilar, paxta xomashyosini yetkazib berayotgan fermer va agroklasterlar uchun ham katta yangilik bo‘ladi, – deydi "Mili teks Sirdaryo" mas'uliyati cheklangan jamiyat ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Alisher Toirov. – Sirdaryoda yetishtirilgan paxta xomashyosi yarim tayyor holda emas, tayyor holda xorijga yo‘l oladi. Bu esa, hozirgiga qaraganda korxona eksport salohiyatini bir- bir yarim barobar oshirish imkonini beradi. Eng asosiysi, valyuta tushumi ko‘payib, shunga yarasha ishchilarning ish haqi xam oshadi.
Mazkur korxonada ish uch smenada tashkil etilgan bo‘lib, ishchilarning ishga kelib-ketishi uchun maxsus avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Bepul issiq ovqat, ishchilarning dam olishi uchun shart-sharoit yaratilgan.
– Buning uchun, eng avvalo, Prezidentimizga rahmat, biz fuqarolarning hayotini har tomonlama o‘ylab shunday shart-sharoit yaratib bergani uchun, – deydi ip yigiruv sexi operatori Nargiza Mingboeva. – Ushbu korxona ochilmasdan oldin ro‘zg‘or tebratish, oilamizning byudjetiga qo‘shimcha daromad kiritish maqsadida paxta chopiq, chekanka, terim va boshqa mavsumiy ishlarni bajargan bo‘lsam, hozir toza va ozoda joyda to‘qimachilik dastgohini boshqaryapman.
Manfaatdorlik bor joyda ish oldinga ketadi. Buni to‘g‘ri anglagan korxona rahbariyati ishchi -xizmatchilarni har bayramda qo‘shimcha rag‘batlantirib, yurtimizning go‘zal go‘shalariga sayohatlar ham tashkil etmoqda.
Shu boisdan ishchi-xizmatchilar ham ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatiga alohida ahamiyat bermoqda. Bu esa, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xaridorbopligini oshirishga, eksport salohiyatining kengayishiga zamin bo‘lyapti.
https://uza.uz/uz/posts/homashyodan-tayyor-mahsulotgacha_640543