Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bank tomonidan tijorat banklarining resurs bazalarini mustahkamlashga e'tibor qaratilmoqda
20.04.2015
3121
Mamlakatimizda moliya-bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tijorat banklarining resurs bazasi yil sayin mustahkamlanib, ular tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar sifati tubdan yaxshilanmoqda.
Xususan, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan aholi va xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning mablag'larini uzoq muddatli depozitlarga jalb qilish hisobiga tijorat banklarining resurs bazalarini mustahkamlashga yo'naltirilgan qator chora-tadbirlar ishlab chiqildi va ijrosi ta'minlab kelinmoqda. Jumladan, aholining bo'sh turgan pul mablag'larini bank depozitlariga jalb etishni yanada rag'batlantirish maqsadida 2015 yil boshidan saqlash muddati 3 oydan 5 yilgacha bo'lgan milliy valyutada 3 ta yangi muddatli omonatlar joriy etildi. Xususan, joriy yilning “Keksalarni e'zozlash yili” deb e'lon qilinganligi munosabati bilan 50 yosh va undan kattalar uchun milliy valyutadagi “E'zoz” hamda muayyan maqsadga yo'naltirilgan “Hisobli” depoziti, bahoriy bayramlarga bag'ishlab “Nafosat” deb nomlangan yangi muddatli depozitlar joriy etildi.
2015 yilning 1 aprel holatiga milliy valyutada 22 ta va horijiy valyutada 11 turdagi omonatlar amal qilmoqda. Aholiga doimiy ravishda ularning bankda saqlanayotgan omonatlari qonun tomonidan himoyalanib, to'liq hajmda berilishi kafolatlari, depozitlar bo'ycha daromadlar soliqdan ozod qilinishiga doir imtiyozlar, bank siri, ularning birinchi talabidanoq hisobvaraqlaridan mablag'larini berish haqidagi ma'lumotlar OAV, reklama stendlari, bukletlar hamda bankning rasmiy saytlari orqali yoritilmoqda.
Aholining bo'sh pul mablag'larini omonatlarga jalb qilish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida, jismoniy shaxslar depozitlarining so'm ekvivalentidagi qoldig'i joriy yil boshiga nisbatan 92,8 mlrd. so'mga (10,8%) ko'payib, 2015 yil 1 aprel holatiga jami 952,4 mlrd so'mni tashkil etdi. Shuningdek, xalqaro pul o'tkazmalari bo'yicha amalga oshirilgan operatsiyalarning umumiy hajmi 13,3 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Shundan 6,7 mln. AQSH dollarini to'langan o'tkazmalar tashkil etadi. Xisobot davrida “Western Union”, “Money Gram”, “Zolotaya Korona”, “Aziya ekspress/MOPS” tizimidan foydalanib, tezkor pul o'tkazmalarini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, Milliy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan milliy valyutadagi so'm plastik kartochkalari soni 2144 mingtani tashkil qilib, aynan “On-layn” Smart Vista plastik kartochkalari soni 651 mingtadan ko'proq.
“2015 yilning 1 choragida mijozlarning maxsus so'm kartochka hisobvaraqlariga 1065 mlrd. so'mdan ortiq mablag' o'tkazilgan bo'lib, ushbu ko'rsatgich o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,17 baravar ko'pdir. 2015 yilning 1 aprel holatiga savdo terminallari orqali plastik kartochkalar bo'yicha amalga oshirilgan operatsiyalarning umumiy hajmi 781 mlrd. So'mni tashkil etadi va bu 2014 yilning shu davriga nisbatan 1,25 baravar ko'pdir. Shuningdek, bank tomonidan 18298 dona savdo terminallari bank bo'limlari hamda savdo-servis korxonalariga o'rnatilgan bo'lib, “ish haqi loyihalari” doirasidagi korxona va tashkilotlarda hamda aholi gavjum joylarda o'rnatilgan o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish uskunalari hisoblangan 122 dona bankomatlar hamda 122 ta infokiosklar ham shular jumlasidandir” , – deya ta'kidladi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining plastik kartochkalar bilan ishlash bo'yicha sho'ba mudiri Davron Komilov
Milliy bank mijozlar uchun plastik kartochkalarni nafaqat qulay to'lov vositasi sifatida, balki uni qo'shimcha xizmat va servislardan foydalanish imkonini beruvchi vositaga aylantirishga intilmoqda. Provardida “elektron hamyon” egalari plastik kartochkalar orqali bajarilgan amaliyotlar va hisobvaraq qoldig'i to'g'risidagi ma'lumotlarni mobil telefonlari orqali SMS-xabarlar yoki elektron pochtasida E-mail-xabarlar ko'rinishida olish imkoniyatiga ega bo'lmoqda. Bundan tashqari, ular o'zlarining shaxsiy Web va IVR kabinetlari orqali ham ma'lumotlarni kuzatib turishlari mumkin. Shuningdek, Milliy bank mijozlarga mobil aloqa, internet, kommunal va boshqa xizmat turlariga “on-layn” rejimda mobil telefon yoki internet orqali to'lovlarni amalga oshirish uchun SMS-TO’LOV va CLICK xizmatlarini ham taqdim qilib kelmoqda.
UzReport