TIF Milliy banki, XDTB hamkorligida 'Qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlashda moliyaviy hamkorlik' mavzusida seminar o'tkazildi
09.09.2015
2066
O'zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda Xitoy Davlat Taraqqiyot banki hamkorligida "Qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlashda moliyaviy hamkorlik" mavzusida seminar o'tkazildi. Unda qishloq xo'jaligi sohasida xalqaro hamkorliklarni yo'lga qo'yish masalalari muhokama etildi.
Seminarda Milliy bankning rahbariyati, Xitoy Davlat Taraqqiyot banki hamda Milliy bankning Departamenti rahbarlari, mahalliy va xalqaro lizing kompaniyalari rahbar-xodimlari hamda "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, eksportini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi" vakillari ishtirok etishdi. Seminar ikki qismdan iborat bo'ldi. Uning birinchi qismida Xitoy Davlat bankining amaliyoti va konsepsiyasi, xalqaro moliya hamkorligi doirasida kredit liniyalarini taqdim etish, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotida Milliy bankning roli singari mavzular ko'rib chiqildi. Uning ikkinchi qismida esa qishloq xo'jaligi soxasini rivojlantirishda XDTB tomonidan amalga oshirlgan ishlar, ularning samarasi hamda O'zbekistonda lizingni qishloq xo'jaligini moliyalashtirish instrumenti sifatidagi ahamiyati bo'yicha so'z yuritildi.
XDTB bankining O'zbekistondagi ishchi guruhi rahbari Fen Chje “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:
– Seminarni o'tkazishdan asosiy maqsadimiz O'zbekistonlik hamkorlarimizga o'z moliyaviy mahsulotlarimizni taqdimotlar orqali ko'rsatishdir. Shuni ham alohida qayd etishim joizki, biz O'zbekistonlik sheriklarimiz bilan bir necha yillardan buyon hamkorlik olib bormoqdamiz va bu o'z navbatida samarasini bermoqda.
Shuningdek, seminar davomida XDTB bankining mas’ul xodimlari bevosita moliya muassasining asosiy kredit yo'nalishidan foydalanish sohalariga ham to'xtalib o'tishdi. Qayd etilganidek, bugungi kunda bank o'z kreditlarini qishloq xo'jaligining bir necha sektorlariga ajratib kelmoqda. Xususan, meva–sabzavot, go'sht maxsulotlari va boshqa qishloq xo'jaligi maxsulotlarini qayta ishlash uchun mini texnologiya va ixcham uskunalar xaridi, mahalliy hom–ashyoni chuqur qayta ishlash asosida ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek yangi turdagi mahsulotlarni o'zlashtirish kabi bir qator sohalarga yo'naltirmoqda. Shu bilan birga seminarda Moliyaviy lizingning Xitoy Davlat banki faoliyatidagi o'rni hamda O'zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlantirishdagi roli ham muhokama etildi. Ma’lumot o'rnida takidlash joizki, Milliy bank ilk bor Xitoy Davlat Taraqqiyot Banki bilan o'zaro aloqalarni 2006 yilning iyun oyida yo'lga qo'ygan bo'lib, tomonlar o'rtasida 5 ta kredit liniyalasi orqali hamkorlik olib borilmoqda. Xususan, 1-kredit liniyasi 2006-yili amalga oshirilgan bo'lib, uning miqdori 20 mln AQSH dollarini tashkil qilgan. 2007-yilda esa bevosita 2-kredit liniyasi tasdiqlangan bo'lib unga ajratilgan summa 60 mln AQSH dollaridan iborat bo'ldi. Samarali hamkorlik natijasida shuningdek, 2010-yilning iyun oyida 3-kredit liniyasiga 75 mln AQSH dollari, 4-kredit liniyasi bo'yicha esa 2013-yil iyul oyida 100 mln AQSH dollari miqdorida Qarz bitimlari tuzilgan. 5-kredit liniyasining qiymati 150 mln. AQSH dollariga teng bitim, 2015-yilning yanvarida imzolandi.
UzReport