“O‘zmilliybank” AJ va Fransiyaning Société Générale banki 50 million yevrolik kelishuvga erishdi
22.11.2022
1121
Shu yilning 18 noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy tashrifi arafasida,«MEDEF International» Fransiya tadbirkorlari harakatining Parij shahridagi qarorgohida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Biznes-forumda Fransiya va O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, aviasiya sanoati, temir yo‘l transporti, logistika va kommunikasiyalar, energetika, tog‘-kon sanoati, servis va konsalting, qurilish kabi sohalardagi yetakchi kompaniyalari, bank va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumining muhim voqealaridan biri - “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ va Fransiyaning Société Générale S.A. moliyaviy konglomerati o‘rtasida 50 million yevro miqdorida kredit liniyasini jalb etishni nazarda tutuvchi hamkorlik shartnomasining imzolanish marosimi bo‘ldi.
Shartnoma ikki bank o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi:
1. Loyiha va savdoni moliyalashtirish sohasidagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, shu jumladan, texnologik asbob-uskunalar, xomashyo yetkazib berish, shuningdek, keyinchalik yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun Fransiyadan xizmatlar ko‘rsatishni ko‘paytirish;
2. G‘aznachilik operatsiyalari sohasida, shu jumladan, xalqaro kapital bozorlaridagi mahsulotlar va valyutaviy SVOP, forvard, optsion kabi hosilaviy moliyaviy vositalar;
3. Ikki mamlakat o‘rtasida uzoq muddatli o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish va bank sektorini o‘zgartirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan ilgari surilgan bank faoliyatining boshqa sohalaridagi islohotlarni amalga oshirish:
4. Bank xodimlarining malakasini oshirish maqsadida tajriba almashish qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish:
Yuqoridagi muzokaralar doirasida tomonlar Fransiyada ishlab chiqariladigan ATR 72-600 rusumli samolyotlarni yetkazib berishni nazarda tutuvchi transport sohasida loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022yil 26 oktabrdagi “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-412-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha O‘zbekiston ichida mintaqaviy yo‘lovchi tashish hajmini kengaytirish imkonini beradi, ichki turizm va mintaqaviy havo qatnovini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Ta'kidlash joiz-ki, “O‘zmilliybank” AJ va Société Générale S.A. o‘rtasida, 2003 yildan boshlab, uzoq muddatli strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 20 yillik davr mobaynida tomonlar o‘rtasida 700 mln. AQSh dollari miqdorida 9 ta loyiha amalga oshirilgan. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatning barcha hududlarida ko‘p sonli yangi ishchi o‘rinlarini yaratish imkonini berdi. Vakillik aloqalari sohasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida hisob-kitob biznesini rivojlantirish va xalqaro to‘lovlarga xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.
Ma'lumot o‘rnida: Société Générale S.A. Yevropadagi eng yirik frantsuz moliyaviy konglomeratlaridan biri bo‘lib, u BNP Paribas, Crédit Agricole va Groupe BPCE bilan birgalikda fransuz bank bozorining "katta to‘rtligini" tashkil qiladi. Bank 1864 yil 4 mayda bir guruh sanoatchilar va moliyachilar tomonidan Société Générale pour favoriser le développement du commerce et de l’industrie en France (Fransiyada savdo va sanoatni rivojlantirish bo‘yicha umumiy jamiyat) nomi bilan tashkil etilgan.
Société Générale S.A. ning asosiy faoliyati chakana bank, moliyaviy xizmatlar, sug‘urta, global bank va investisiyalar. Société Générale S.A. kapitali 73,7 mlrd. AQSh dollarini, aktivlari esa 1,6 trln. AQSh dollarini tashkil etadi. S&P (A), Fitch (A) va Moody’s (A1)tomonidan reytinglarga ega.