Toshkentda O'zbekiston-Latviya biznes-forumi bo'lib o'tdi
12.11.2013
3168
Latviya Respublikasi transport vaziri Anriys Matiss boshchiligidagi Latviya ishbilarmonlaridan iborat delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifi doirasida Toshkentda 13 noyabr kuni O'zbekiston va Latviya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi va kooperatsion birjasi bo'lib o'tdi.
Mazkur tadbir O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilib, u O'zbekiston-Latviya savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligini yanada kengaytirish masalalariga bag'ishlandi. Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, bank-moliya, ta'lim, oziq-ovqat, sayyohlik, farmatsevtika, to'qimachilik kabi sohalari uchun mas'ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
Anjumanda O'zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G'aniyev O'zbekiston bilan Latviya o'rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qilayotganini alohida ta'kidladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil oktyabr oyida Latviya Respublikasiga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro aloqalarni yangi mazmun bilan boyitib, faol hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqdi.
O'zbekiston bilan Latviya o'rtasidagi hamkorlik mustahkam huquqiy asosga ega. Savdo-sanoat, sarmoya, transport va transport kommunikatsiyalari, sayyohlik, standartlashtirish, fan-ta'lim kabi ko'plab sohalar bo'yicha hamkorlikka oid bitimlar imzolangan. Savdo, iqtisodiyot va sanoat sohasida O'zbekiston bilan Latviya o'rtasida eng ko'p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan.
Mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida ulkan salohiyatga ega. O'zaro tovar ayirboshlash hajmi muntazam oshmoqda. 2012 yilda bu ko'rsatkich 246 million AQSH dollaridan oshdi, 2013 yilning yanvar-iyun oylarida esa 125,6 million AQSH dollarini tashkil qildi.
O'zbekistonda Latviya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 22 qo'shma korxona faoliyat ko'rsatmoqda. Latviyada esa mamlakatimiz kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 40dan ortiq korxona ishlab turibdi. Ular mebelsozlik, to'qimachilik, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash, poligrafiya, logistika, ulgurji savdo va xizmat ko'rsatish kabi sohalarga ixtisoslashgan. Yurtimizda Boltiqbo'yidagi ushbu mamlakatning 10ta yetakchi kompaniyasi o'z vakolatxonasini ochgan.
O'zbekiston Latviyaga yuqori sifatli paxta tolasi, motor moylari, farmatsevtika mahsulotlari va boshqa tovarlar yetkazib beradi. Latviya mamlakatimizga uskunalar, transport vositalari, plastmassa eksport qiladi, shuningdek, logistika xizmati ko'rsatadi.
Forumda latviyalik ishbilarmonlarga mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya jalb etishning muhim yo'nalishlari haqida ma'lumot berildi. Mehmonlar yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar samaralari, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi va “Angren” maxsus industrial zonasida sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulaylik, imkoniyat va imtiyozlar bilan atroflicha tanishtirildi.
Anjumanda ikki mamlakat o'rtasida savdo, iqtisodiyot, sarmoya, transport va logistika, temir yo'l, to'qimachilik, oziq-ovqat kabi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, Latviya kompaniyalarini mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etishga oid masalalar muhokama qilindi.
Biznes-forum yakunida O'zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Latviya ishbilarmonlari ishtirokida kooperatsion birja o'tkazildi. Unda Latviya ishbilarmonlari o'zbekistonlik sheriklar bilan birgalikda o'zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar.