2015 yilning I-yarim yilligida TIF Milliy banki tomonidan 961 mlrd. so'm miqdorida investitsion kreditlar ajratildi
17.08.2015
2704
O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun joriy yilning I-yarim yilligida 961 mlrd. so'm miqdorida investitsion kreditlar yo'naltirildi. Bankning 2015-yil uchun mo’ljallangan kredit siyosatiga muvofiq, shu yilning birinchi yarmida bank tomonidan ajratilgan kreditlar zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarini qurish, amaldagilarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash, namunaviy loyihalar bo'yicha uy-joy qurilishini kreditlash ko'lamini oshirishga yo'naltirilgan.
Hozirda bank kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining rivojlanishini moliyaviy qo'llab-quvvatlash, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratish, yosh oilalarning moddiy sharoitini yaxshilash maqsadida iste'mol kreditlari hajmini ko'paytirishga e'tibor qaratgan. Ma'lumotlarga qaraganda, bank kredit portfelining asosiy qismi uzoq muddatli kreditlardan tashkil topgan bo'lib, ular jami portfelning 96% ini tashkil etadi.
Mazkur mablag'lar asosan, tarmoq tuzilishi bo'yicha transport va aloqani rivojlantirish, yonilg'i-energetika kompleksi, tashqi, ichki savdo va ta'minot korxonalari, qishloq xo'jaligi, qurilish va qurilish materiallari sanoati, kimyo va neft kimyo sanoati va boshqa sohalarni moliyalashtirishga yo’naltirilgan. Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo'llab-quvvatlash, ularning barqaror faoliyat yuritishi va eksport salohiyatini oshirish maqsadida o'tgan 7 oy davomida bank tomonidan 175,0 mlrd. so'm miqdorida imtiyozli kredit mablag'lari ajratildi.
- O'zmilliybank kichik biznesni rivojlantirish dasturi bo'yicha xorijiy banklar va moliya muassasalarining, Respublika byudjetdan tashqari fondlarining kredit yo'nalishlarini va bankning o'z mablag'larini o'zlashtirish hisobiga loyihalarni ko'rib chiqish va ularni moliyalashga doir ish olib bormoqda, - deydi kredit portfelini rivojlantirish va tahlil qilish bo'limi boshlig'i Ozodjon Sa'diyev - Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga barcha moliyalash manbalari hisobidan joriy yilning o'tgan davri mobaynida 983 mlrd.so'm miqdorida kreditlar ajratilgan bo'lib, shundan jami 152 mlrd.so'mni mikrokreditlar tashkil etdi.
Shuningdek, ichki bozorni oziq va nooziqovqat mahsulotlari bilan to'ldirish maqsadida 314,0 mlrd. so'm miqdorida kredit mablag'lari ajratildi. Yosh oilalarning moddiy-maishiy sharoitini yaxshilash maqsadida esa yil boshidan beri bank bo'limlari tomonidan 10,0 mlrd.so'mga yaqin ipoteka kreditlari berildi. Bundan tashqari, Milliy bank tomonidan xorijiy banklarning qayta moliyalashtirilgan manbalari hisobidan hozirgi vaqtda umumiy summasi 4,34 mlrd. AQSH dollari (ekvivalentda) miqdoridagi 95 ta investitsiya loyihasi bo'yicha 105 ta kreditga, shu jumladan umumiy miqdori 400,0 mln. AQSH dollariga teng 4 ta lizing shartnomasiga xizmat ko'rsatilmoqda.
UzReport
yuklab olish