Bank xodimlari o‘quv-seminari
14.04.2014
2819
Mamlakatimizda bank tizimini rivojlantirish va isloh etish masalasi doimiy e’tiborda. Buning natijasida banklarning resurs bazasi kengayib, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi va sifati tobora yaxshilanmoqda. 2013-yilda iqtisodiyotning real sektoriga ajratilgan kreditlar yalpi hajmi 30 foizga oshgani buning tasdig‘idir.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, o‘tgan yili tijorat banklarining jami kapitali 25 foizga, 2000-yilga nisbatan esa 46 barobardan ziyod ko‘paydi.
Bank tizimining likvidligi 65 foizdan ziyod bo‘lib, bu jahon amaliyotida “yuqori” deb ataladigan ko‘rsatkichdan 2,2 barobar ortiqdir. Kredit portfeli jami mablag‘larining 80 foizga yaqini ichki manbalar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa, bank xizmatlaridan foydalanish darajasini alohida e’tirof etish o‘rinlidir. Masalan, mamlakatimizda har yuz ming katta yoshdagi aholiga 49,7 bank muassasasi to‘g‘ri kelayotgani, har ming kishi nomiga 1 ming 28 bank hisobraqami ochilgani xalqaro me’yorlar bo‘yicha “yuqori” degan baho ko‘rsatkichiga mos keladi.
Aholining banklarga ishonchi ortib borishida tizimda namunali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani, banklarning chin ma’noda mijozlar manfaati yo‘lida jon kuydirayotgani muhim rol o‘ynamoqda. Bunday natijalarga erishishda tizimda xodimlarning muomala madaniyati va ma’naviyatini boyitib borishga qaratilgan ma’rifiy ishlar muhim o‘rin tutadi. Zero, har bir sohada xodimlar bilim va tafakkurini yanada yuksaltirish, yetuk ma’naviy-axloqiy fazilatli, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual darajasi yuqori kadrlar zaxirasini shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega.
Poytaxtimizda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi huzuridagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” o‘quv markazi tomonidan bank xodimlari uchun tashkil etilgan o‘quv-seminari shu maqsadga xizmat qiladi.
Tadbirda mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorligida banklar muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi. Bunda zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega, mamlakatimizning taraqqiyoti yo‘lida hal qiluvchi kuchga aylangan kadrlarning o‘rni beqiyos.
O‘quv-seminarida 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning asosiy yo‘nalishlari, islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Bank xodimlarining bilimini oshirish, ma’naviyatini yanada yuksaltirish borasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda bank tizimi oldida turgan ustuvor vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zA, 14.04.2014