Davlat statistika Qo'mitasining kengaytirilgan Hay'at yig'ilishi bo'lib o'tdi
25.07.2012
2889
Joriy yilning 20 iyul kuni Davlat statistika qo'mitasining 2012 yilning yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2012 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishini hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 'Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni. litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to'g'risida'gi hamda 'Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to'g'risida'gi farmonlarida belgilangan tegishli vazifalarni so'zsiz ta'minlash chora-tadbirlariga bag'ishlangan kengaytirilgan Hay'at yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Hay'at yig'ilishida qayd etildiki:
-
Davlat statistika qo'mitasi 2012 yilning 1 yarim yilligidagi faoliyati Vazirlar Mahkamasining shu yil 10 yanvardagi 5-sonli qarori bilan tasdiqlangan '2012 yilgi Davlat statistika ishlari dasturi' va Qo'mitaning 1 yarim yillik ish rejasiga muvofiq olib borildi;
-
2012 yilning 1 yarim yilligi uchun Davlat statistika ishlari dasturida ko'zda tutilgan barcha 421 ta statistika ishlari belgilangan hajmlarda va muddatlarda bajarildi, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadli kompleks dasturlarini bajarilishi monitoringi uchun tahliliy-statistik ma'lumotlar muntazam ravishda shakllantirilib, har oyda tegishli davlat organlariga taqdim etib borildi;
- shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining yig'ilishlari bayonlaridagi topshiriqlari, Davlat statistika qo'mitasining ish rejasida belgilangan asosiy yo'nalishlar bo'yicha vazifalarning bajarilishi ta'minlandi;
-
2012 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining 6 ta asosiy ustuvor yo'nalishlarini amalga oshirilishini ta'minlash bo'yicha Qo'mitaning aniq chora-tadbirlar dasturi asosida tahliliy-statistik ma'lumotlar, byulletenlar tayyorlanib, belgilangan muddatlarda Hukumatga va foydalanuvchilarga taqdim etib borildi.
Shuningdek ta'kidlandiki, 2012 yil 26 iyunda Vazirlar Mahkamasining 'O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish, shuningdek ba'zilarini o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblash to'g'risida'gi 183-sonli qarori qabul qilinib, mazkur qaror bilan Davlat statistika qo'mitasi faoliyatini tashkil etilishi bilan bog'liq qonunchilik hujjatlariga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi. Qo'mita tomonidan qarorda belgilangan vazifalarni to'liq va sifatli bajarilishi bo'yicha tegishli tadbirlar belgilandi va ijrosi doimiy nazoratga olindi.
Shuningdek, Qo'mita tomonidan shu yilning 1 yarim yilligida statistika sohasining turli yo'nalishlari bo'yicha 11 ta uslubiy hujjatlar ishlab chiqilib, tasdiqlandi va amaliyotga joriy etildi, xabar beradi Davlat statistika qo'mitasining Axborot xizmati.
Davlat statistika qo'mitasining rasmiy saytidagi firma nomlarini elektron zahiraga olish tizimi orqali shu yilning yanvar-iyun oylari davomida fuqarolardan firma nomlari bo'yicha kelib tushgan 37964 ta arizalar ko'rib chiqildi va 26181 ta qulay firma nomlari zaxiraga olindi.
2012 yil yanvar-iyun oylarida davlat statistika organlari tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish yuzasidan Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi bazasida davlat statistika organlarining jami 807 xodimi, jumladan 289 tasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakasini oshirdi. Shu bilan birga, tizimning 31 ta xodimi xalqaro tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan o'quv seminarlari va dasturlarda ishtirok etib, o'z malakalarini oshirdilar.
Yig'ilishda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 'Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni. litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to'g'risida'gi hamda 'Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to'g'risida'gi farmonlarida statistika organlariga yuklangan tegishli vazifalarni belgilangan muddatda so'zsiz ijro etilishini ta'minlashga alohida e'tibor berildi.
Hay'at yig'ilishi kun tartibidagi masalalar bo'yicha Qo'mita boshqarmalari va hududiy statistika boshqarmalari boshliqlarining hisobotlari eshitildi.
Hisobot va ijro intizomini ta'minlashdagi yo'l qo'yilgan kamchiliklari, tuman, shahar statistika bo'limlari faoliyatini nazorat qilishdagi sustkashliklari uchun ikkita viloyat statistika boshqarmalari boshliqlariga nisbatan intizomiy chora ko'rildi.
Hay'at yig'ilishida ko'rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
UzReport 25.07.2012