Iqtisodiy nochor korxonalarni sog'lomlashtirish TIF Milliy banki faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib qolmoqda
16.09.2015
3007
Bir necha yillardan beri O'zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 19-noyabrdagi "Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish tartibini tasdiqlash to'g'risida"gi Farmoyishiga muvofiq, bank balansiga qabul qilingan iqtisodiy nochor korxonalar negizida tashkil etilgan sho'ba korxonalar faoliyatini yo'lga qo'yish bo'yicha muayyan ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, bank korxonalarga investitsiya kiritish yo'li bilan ishlab chiqarishni qayta tiklash, ularni texnik va texnologik modernizatsiyalashga e'tibor qaratib, sifatli bank xizmatlarini taklif etib kelmoqda.
Iqtisodiy nochor korxonalarga "NBU Invest Group va NBU Investment” kompaniyasi tomonidan investitsiyalar ajratilib kelinmoqda. Ushbu kompaniya faoliyati iqtisodiy qiyinchiliklarga uchrab, bank balansiga qabul qilingan yangi korxonalarni boshqarishga yo'naltirilgan.
"NBU Invest Group va NBU Investment” kompaniyasi tasarrufidagi mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan biri Samarqand viloyati, Samarqand shahri, Shohruh ko'chasida qad rostlagan 4-yulduzli "Registon Plaza" mehmonxonasidir. Mehmonxona 213 kishiga mo'ljallangan 165 ta xonadan iborat. Unda mehmonlar yaxshi dam olishlari uchun 24 soat davomida yuqori sifatli xizmatlar ko'rsatiladi.
- Bu mehmonxonada 6 kundan beri turibman va bu yerda o'zimni juda qulay his qilyapman, deydi - germaniyalik mehmon Briget Elingxaus. – Avvalo, mehmonxona shahar markazida, tarixiy obidalarga yaqin yerda joylashgan. Mehmonxonadan piyoda yurib, ularni tomosha qilishimiz mumkin. Qolaversa, mehmonxonaning ishchi - xizmatchilari juda mehmondo'st. Yana bir muhim jihati, bu yerda hech qanday muammosiz internetga ulanishingiz mumkin.
Darhaqiqat, "Registon Plaza"ga tashrif buyuruvchilar bo'sh vaqtlarini unumli o'tkazishlari uchun shahar bo'ylab mehmonxona tomonidan buyurtirilgan transport vositasi orqali sayohat qilishlari, xonalaridagi bepul Internet, Wi-Fi xizmatidan foydalanishlari mumkin.
-“Registon Plaza” mehmonxona xo'jaligi va turizm bozorida ishlab kelayotganiga 10 yildan oshdi , deydi- “Registon Plaza” MCHJ direktori Azamat Eshonqulov. Mehmonxonamiz Samarqand viloyatidagi eng yirik kompleks hisoblanadi. U 2003-yildan 2010-yilgacha “O'zbektuzizm” MK tasarrufida faoliyat yuritgan bo'lsa, 2010-yildan Milliy bank balansiga o'tkazilgan. Mehmonxona "NBU Invest Group va NBU Investment” boshaquruviga o'tgandan so'ng, uning faoliyati tamomila xalqaro standartlar asosida, 4 yulduzli mehmonxona talablari bo'yicha yo'lga qo'yildi. Mehmonxonada yuzdan ziyod ishchi xizmatchilar mehnat qiladi.
Bu yerda mehmonlarga oddiy nomerlar qatori, lyuks xonalar, xashamatli apartamentlar taklif etiladi. Bunday xonalar ayniqsa, oilaviy turistlar uchun juda qulay. Shuningdek, “Registon Plaza”da 2 ta, ya'ni yopiq va ochiq restoran, basseyn, fitnes markazi bor. Asosiysi, bu yerga kelgan mehmon o'zini uydagidek his qilishi uchun barcha qulayliklar yaratib beriladi.
Milliy bank tomonidan "Registon Plaza" kabi korxonalarni sog'lomlashtirish va qo'llab-quvvatlash borasida ko'rilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiyotning tashqi ta'sirlarga nisbatan barqarorligini ta'minlash imkonini berish bilan bir qatorda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, eksport hajmining oshirilishi, yangi ish o'rinlarining tashkil etilishi uchun sharoit yaratmoqda. Demak, bugungi kun uchun dolzab bo'lgan bankrot korxonalarni sog'lomlashtirishdek vazifa kelgusida ham Milliy bank faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib qoladi.
UzReport