'NBU Invest Group' va 'NBU Investment' kompaniyalari korxonalar aktivlarini muvaffaqiyatli boshqarib kelmoqda
25.09.2014
2842
2008 yilda O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan investitsiya sohasida faoliyat yuritadigan «NBU Invest Group» va «NBU Investment» kompaniyalari tashkil etilgan bo'lib, bugungi kunda, mazkur kompaniyalar bank tarkibidagi 33 ta sho'ba korxonaning aktivlarini muvaffaqiyatli tarzda boshqarib, ulardagi ishlab chiqarish samaradorligini oshirib kelmoqda. Aytish joizki, investitsiya kompaniyalarining asosiy maqsadi – bank korxonalari aktivlarini samarali boshqarish va kelgusida korxonalarni yangi investorlarga sotish uchun ularning faoliyatini rivojlantirishdan iborat.
«NBU Invest Group» kompaniyasining asosiy yo'nalishi bankrot-korxonalar mulki bazasida tashkil etilgan sho'ba korxonalarning aktivlarini boshqarishga qaratilgan. Sanoat korxonalari boshqaruvi ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga yo'naltirilgan bo'lib, biznes-rejalashtirish, marketing, korxona faoliyati monitoringi, sotish kanallari va ta'minotchilar bilan aloqalarni boshqarish, kadrlarni boshqarish, xarajatlar va unumdorlik kabilarni o'z ichiga oladi. Bizning pirovardida maqsadimiz – korxonalarda ishlab chiqarish faoliyatini yo'lga qo'ygan holda, ularni strategik investorlarga sotishdan iborat”, - deydi «NBU Invest Group» OAJ Marketing va TIF bo'yicha bosh mutaxassis Lola Islomova.
Hozirda «NBU Invest Group» qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, sellyuloza ishlab chiqarishi, charm va to'qimachilik sohasi kabi turli tarmoqlarga mansub 12 ta sho'ba korxona boshqaruvini amalga oshiradi. Xususan, 2013 yilning oxirida O'zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan ta'sis etilgan «Ko’kcha Tekstil» mas'uliyati cheklangan jamiyati ham shular jumlasidandir.
“Bizning korxonamiz paxta tolasini qayta ishlash, paxtadan yigirilgan ip va dag'al mato ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonamizda Trutzschler, Rieter, Toyoda, Murata kabi mashhur ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning to'qimachilik uskunalari o'rnatilgan. Ishlab chiqarishni tiklash va zaruriy aylanma kapital bilan ta'minlash maqsadida, «NBU Invest Group» tomonidan korxonamizga 3 mlrd. so'mdan ortiq investitsiya mablag'lari kiritilgan. Bu esa, o'z navbatida, sutkalik ishlab chiqarish hajmini 17 tonnadan 30 tonnagacha ko'paytirish, shuningdek asosan kollej bitiruvchilari jalb etilgan qariyb 1150 ta ish o'rinlarini yaratish imkonini berdi. Jumladan, joriy yil boshidan buyon korxonamiz tomonidan 37 mlrd. so'mga teng mahsulot ishlab chiqarilgan bo'lib, 14 mln. AQSh dollari qiymatidagi mahsulotlar eksport qilindi”, - deya qayd etdi «Ko’kcha Tekstil» MCHJ ishlab chiqarish bo'yicha direktor o'rinbosari Sergey Pak.
Qo'shimcha qilish joizki, O'zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kompaniyalarining investitsiyaga oid faoliyati hisobiga 2009 yildan beri butun respublika bo'yicha 8400 dan ortiq odam doimiy ish bilan ta'minlanib, 811 mlrd. so'm miqdoridagi mahsulot ishlab chiqarildi hamda 180,2 mln. AQSh dollarilik eksport amalga oshirildi.