O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida
19.03.2013
2992
Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydigan zamonaviy, yuksak texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanish, shu asosda yangi ish joylarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida, shuningdek O‘zbekistonda o‘zbek-xitoy sanoat parkini barpo etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi memorandumga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimligining Jizzax viloyatida Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida filiali bo‘lgan “Jizzax” maxsus industrial zonasini (keyingi o‘rinlarda – “Jizzax” MIZ deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq hududlar chegaralari doirasida barpo etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Jizzax” MIZ tarkibiga kiritiladigan yer maydonlarining chegaralarini aniq belgilasin va yerlarning tegishli ravishda ajratilishini ta’minlasin.
Belgilab qo‘yilsinki, “Jizzax” MIZ tarkibiga kiritilgan yer maydonlari Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimligining bevosita tasarrufida bo‘ladi hamda “Jizzax” MIZ Ma’muriy kengashi bilan kelishilgan holda ajratiladi.
2. Quyidagilar “Jizzax” maxsus industrial zonasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:
ichki va tashqi bozorlarda raqabatbardosh bo‘lgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy, yuksak texnologiyali va innovatsion ishlab chiqarishlarni barpo etish va ularning samarali faoliyat yuritishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish;
maxsus industrial zonaga kiruvchi mintaqalarning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash, mineral-xomashyo resurslarini va qishloq xo‘jalik xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish;
maxsus industrial zona va umuman respublika korxonalari o‘rtasida mustahkam kooperatsion aloqalar o‘rnatish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida mahalliy xomashyo va materiallar negizida yuksak texnologiyali mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
“Jizzax” MIZ hududida transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmaning jadal rivojlanishini va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash.
3. Belgilab qo‘yilsinki, “Jizzax” MIZning faoliyat yuritish muddati 30-yilni tashkil etadi va bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;
“Jizzax” MIZ faoliyat yuritadigan muddat mobaynida uning hududida maxsus soliq tartibi va bojxona imtiyozlari amal qiladi;
“Jizzax” MIZ qatnashchisi maqomi “Jizzax” maxsus industrial zonasi Ma’muriy kengashining qarori bilan beriladi.
4. “Jizzax” maxsus industrial zonasining Ma’muriy kengashi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil qilinsin.
“Jizzax” maxsus industrial zonasi Ma’muriy kengashining asosiy vazifalari va funksiyalari quyidagilardan iborat etib belgilansin:
korxonalarga “Jizzax” MIZ qatnashchisi maqomini berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
“Jizzax” MIZda loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar va idoralarning, xo‘jalik birlashmalarining loyiha, tender va kontrakt hujjatlarini o‘z vaqtida tayyorlash hamda ularning ekspertizasini o‘tkazish borasidagi ishlarini, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining “Jizzax” MIZ faoliyati bilan bog‘liq masalalardagi ishlarini muvofiqlashtirish;
ishlamayotgan korxonalarni va davlat egaligidagi mol-mulkni “Jizzax” MIZ qatnashchilariga nolga teng xarid qiymati bo‘yicha sotish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
“Jizzax” MIZning samarali faoliyat yuritishini tashkil qilish, “Jizzax” MIZ Direksiyasini shakllantirish va uning faoliyati ustidan nazorat olib borish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
5.“Jizzax” maxsus industrial zonasi qatnashchilari:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, ularning mol-mulkiga solinadigan soliqni, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘ini to‘lashdan, kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan;
respublikada ishlab chiqarilmaydigan, loyihalarni amalga oshirish doirasida “Jizzax” MIZ hududiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar boj to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan imtiyozlar kiritilgan investitsiyalarning hajmiga qarab 3-yildan 7-yilgacha muddatga beriladi, shu jumladan ekvivalenti:
300 ming AQSh dollaridan 3 million AQSh dollarigacha bo‘lganda – 3-yil muddatga;
3 million AQSh dollaridan ortib 10 million AQSh dollarigacha bo‘lganda – 5-yil muddatga;
10 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lganda – 7-yil muddatga beriladi.
6. Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimligi “Jizzax” maxsus industrial zonaning Ma’muriy kengashi qarorlari bo‘yicha belgilangan tartibda “Jizzax” MIZda loyihalarni amalga oshiruvchi investorlar uchun quyidagilarni ta’minlasin:
birinchi navbatda sobiq sanoat zonalarining foydalanilmayotgan hududlarida korxonalar qurish uchun yer maydonlarini o‘z vaqtida ajratish;
muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanish uchun barcha zarur ruxsatnomalarni “bir darcha” tamoyili asosida berish.
7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq “Jizzax” MIZda qatnashuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun “O‘zbekenergo” DAK, “O‘ztransgaz” AK, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimligi bo‘linmalari va boshqa muhandislik-kommunikatsiya xizmatlarini yetkazib beruvchilar kommunikatsiyalarni ishlab chiqarish maydonchalariga tutashtirgan holda kafolatli ulanishini ta’minlaydilar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Jizzax” MIZga ajratiladigan hududlarga byudjet mablag‘lari va boshqa ichki moliyalash manbalari hisobidan tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash va yanada rivojlantirishni ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi “O‘zbekenergo” DAK, “O‘ztransgaz” AK, “O‘zkommunxizmat” agentligi, “O‘zavtoyo‘l” AK, “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Jizzax” maxsus industrial zonasi hududida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Jizzax” MIZ Direksiyasini tashkil etsin va “Jizzax” maxsus industrial zonasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilsin, unda “Jizzax” maxsus industrial zonasi to‘g‘risidagi Nizom hamda “Jizzax” maxsus industrial zonasi Ma’muriy kengashi haqidagi Nizomni tasdiqlash nazarda tutilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining Vazirlik tarkibidagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish boshqarmasining Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi xodimlari sonini 2 nafar shtat birligiga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2013-yil 18-mart