“O‘zmilliybank” AJ faoliyatining 2020 yil I chorakdagi natijalari
03.04.2020
3052
2020 yil 1 yanvar holatiga "O‘zmilliybank" AJ jami aktivlari 66,6 trln. so‘mni, kredit portfeli 55,0 trln. so‘mni tashkil etdi. Bank kapitalining yetarliligi esa 31,5% darajasida bo‘ldi (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining minimal talabi - 13%).
2020 yilning I choragida COVID-19 koronavirus pandemiyasi natijasida jahon iqtisodiyotining inqiroz holatiga kelib qolishi, xorijiy valyutalar kurslarining sezilarli darajada tebranishiga, xalqaro fond va tovar bozoridagi beqororlikka olib keldi.
Jahon iqtisodiyotida vujudga kelgan barcha salbiy tebranishlarga qaramay, 2020 yil 1 aprel holatiga bankning jami aktivlari 69,8 trln. so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 3,2 trln. so‘mga yoki 105%ga o‘sdi. Kredit portfeli 56,2 trln. so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 1,3 trln. so‘mga yoki 103%ga ortdi. Shuningdek, bank kapitalining yetarliligi 31% darajasida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5969-sonli Farmoni ijrosini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ko‘rsatmalari hamda inqiroz davrida iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, bank tomonidan 2,8 trln.so‘mlik (bank jami aktivlarining 4%i miqdorida) kredit mablag‘larining so‘ndirish muddatlarini uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Bank tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan barcha kreditlar bo‘yicha to‘lov muddatlari karantin davrini hisobga olib, ortiqcha hujjatlar talab qilinmagan holda uzaytirib berildi. Bunda foiz to‘lovlari vaqtida amalga oshirilmaganligi uchun belgilangan barcha penya to‘lovlari bekor qilindi.
"O‘zmilliybank" AJ tomonidan COVID-19 koronavirus pandemiyamisi bilan bog‘liq global inqiroz rivojlanishining bir nechta senariylari bo‘yicha, depozitlarning kamayishi hamda muammoli kreditlarning ortishini prognoz qilgan holda stress-testlar amalga oshirildi.
Barcha senariylar bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari shuni ko‘rsatdiki, bank regul'yatorning (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki) barcha talablariga javob bergan holda, bank depozitorlari va xorijiy kreditorlar oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish uchun yetarli miqdorda likvidli mablag‘larga ega.