O'zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi
21.11.2014
3275
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O'zbekiston banklari Assotsiatsiyasi, O'zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi hamkorligida "O'zbekiston iqtisodiyoti real sektori korxonalarini modernizatsiyalashda bank-moliya institutlari ishtirokining dolzarb masalalari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Konferensiyada qatnashchilar tomonidan 42 dan ziyod ilmiy ma'ruza va chiqishlar qilinib, respublika va xorijdai moliya-bank tizimi xodimlari, oliy o'quv yurtlarining professor-o'qituvchilari, ilmiy xodim-izlanuvchilari, amaliyotchi mutaxassislar o'zaro fikr almashishdi.
Mamlakat bank tizimini isloh qilish, erkinlashtirish va barqarorligini oshirish davlatimiz siyosatining eng muhim yo'nalishlaridan biriga aylandi. Bugungi kunda, bank tizimini isloh qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan dasturlarda banklarning barqarorligi oshirish, banklar kapitaliga qo'shimcha investitsiyalarni jalb etish, ularning faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish, ko'rsatilayotgan bank xizmatlari hajmini yanada kengaytirish hamda aholining banklarga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlash asosiy yo'nalishlar etib belgilangan.
Ta'kidlash joizki, joriy yilning 1 noyabr holatiga iqtisodiyotning real sektoriga yo'naltirilgan kreditlarning umumiy hajmi 2013 yilning shu davriga nisbagan 30,8 foizga ko'payib, bugungi kunda 31,8 trln. so'mdan ortdi.
Banklarning investitsiya maqsadlariga ajratilgan investitsion kreditlari miqdori ham, 2013 yilning shu davriga nisbatan 1,2 barobardan ziyodga oshib, 7,2 trln. so'mni tashkil qildi.
Kichik biznesni rivojlantirish ham banklar e'tiborida bo'lib, soha subyektlariga ajratilgan kreditlar hajmi 2013 yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko'payib, 2014 yilning 1 noyabr holatiga ko'ra 8,0 trln. so'mdan ortdi. Bu esa respublika hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlardagi loyihalar o'z vaqtida moliyalashtirilishi imkonini bermoqda .
Ushbu anjumanda real sektor korxonalarini modernizatsiyalashda bank-moliya institutlari ishtirokining dolzarb masalalari, bank-moliya sohasiniig barqaror rivojlanishida, investitsion faolligini yanada kuchaytirishda banklarning likvidliligini oshirish masalalari bo'yicha fikr almashildi.
Shuningdek moliya-kredit muassasalari tomonidan ustuvor tarmoqlarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, yangi korxonalar va ish o'rinlarini tashkil etishdagi ishtirokini yanada faollashtirish, mikromoliyaviy tashkilotlar, lizing, sug'urta va pensiya fondlarining investitsion manba sifatida faoliyatini olib borish, xorijiy investitsiyalar va ichki resurslarni faollashtirish haqida ham so'z bordi.
Shuni ta'kidlab o'tish joizki, ushbu ilmiy-amaliy konferensiya mavzusiga doir masalalar yuzasidan Bank-moliya akademiyasida ilg'or xorij amaliyotini o'rganib ilmiy-tadkiqot ishlari yo'lga qo'yilgan. Tadqiqotlar sifatini yaxshilash, bank-moliya sektori, investitsion kompaniyalar va fond bozorining samarali faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida ilmiy va ilmiy-innovatsion takliflar ustida ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Akademiya tomonidan Yaponiya Moliya vazirligi huzuridagi Siyosiy tadqiqotlar Instituti, Bremenxafen Amaliy fanlar universiteti, Chexiyaning Iqtisodiyot va menedjment Oliy maktabi hamda Keymyung Universitetlari bilan ilmiy sohada hamkorlik aloqalarini, jumladan, ilmiy anjumanlar tashkil etish, ilmiy loyihalar olib borish va ilmiy maqolalar nashr etish bo'yicha ishlar yaqindan olib borilmoqda.
Yalpi yig'ilishdan so'ng, konferensiya o'z ishini 5 ta seksiya bo'yicha davom ettirdi va konferensiya yakunlari bo'yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar qabul qilindi.
UzReport