O'zmilliybankining Uchtepa filialida aholi omonotlari qoldig'i 7,3 mlrd. so'mga yetdi
15.10.2015
2143
O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining (O'zmilliybank) Uchtepa filialida aholiga qulay shart-sharoitlarda xizmat ko'rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Xususan, hozirgi kunda bank tomonidan jismoniy shaxslarga chakana xizmatlar taqdim etilmoqda. Jumladan, bank O'zbekiston Respublikasining rezidenti va norezidenti bo'lgan jismoniy shaxslardan milliy hamda xorijiy valyutalarda depozitlarga mablag'lar qabul qiladi, milliy va xorijiy valyutadagi naqd pulsiz to'lovlarni amalga oshirib, xorijiy valyutada pul o'tkazmalarini qabul qiladi va ommaviy o'ziga o'zi xizmat ko'rsatish axborot-to'lov terminallari, ya'ni infokiosklar singari bir qator xizmat turlarini taqdim etadi.
Bundan tashqari bank depozitar yacheykalardan foydalanib, boyliklarni saqlash, ish haqi loyihalarini amalga oshirish to'g'risida tuzilgan shartnomalar doirasida ochiladigan omonat va maxsus so'mdagi kartochka hisobvaraqlariga mablag'larni tushirish yo'li bilan ish haqini berish, so'mdagi plastik kartochkani olgan mijozlarga hamda omonat hisobvaraqlari egalariga tovarlar va xizmatlar haqini Internet yordamida «SMS-TO’LOV», «CLICK» va «ONLINE BANK» tizimlari orqali masofadan bank xizmatlarini ko'rsatadi.
2015-yilning 9 oyligida xalqaro pul o'tkazmalari orqali jami 1138 ming AQSH dollari miqdorida bank operatsiyalari amalga oshirildi. Shuningdek, O'zmilliybanki tomonidan aholi qo'lidagi bo'sh pul mablag'larini jalb qilish maqsadida 2015-yilda milliy valyutada jami 6 ta yangi muddatli omonatlar joriy etildi. Buning natijasida Uchtepa filialida aholi omonatlari qoldig'i yil boshiga nisbatan qariyb 500 mln.so'mga yoki 7,2% ga ko'payib, 2015-yilning 1-oktyabr holatiga ularning qoldig'i 7,3 mlrd.so'mga yetdi va albatta bunga mos ravishda mijozlar soni ham ko'paygan. Shu bilan birga bugungi kunda milliy bank tomonidan aholiga 33 xildagi milliy va xorijiy valyutalarda omonat turlari taklif etilmoqda.
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, O'zmilliybank jamoasi yurtimiz iqtisodiyotining real sektorini rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, istiqbolli loyihalarni ro'yobga chiqarish, aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida barcha imkoniyatlarni safarbar qilgan holda, yangi, qulay va tezkor moliyaviy xizmatlarni taklif etadi. Bu esa uning moliyaviy xizmatlar bozoridagi mavqeini oshirib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi ishtirokini yanada faollashtirishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
UzReport