Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Jahon banki hamkorligida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
17.09.2012
2024
O‘zA, 11.09.2012
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Jahon banki hamkorligida tijorat banklarida moliyaviy hisobotlar va auditni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari N.Xusanov, O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi raisi S.Abdullayev, O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi raisi M.To‘laxo‘jayeva, Jahon banki eksperti A.Busuyok va boshqalar O‘zbekistonda banklarning kapitallashuvi, ularning barqarorligi va likvidligini yanada mustahkamlashga qaratilgan izchil chora-tadbirlar samarasida tijorat banklarining xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotganini alohida ta’kidladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning “2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Moliya vazirligi va Banklar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda bank-moliya tizimida buxgalteriya hisobini isloh qilishning navbatdagi bosqichi chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha bank tizimida moliyaviy hisobotlar va auditning xalqaro standartlarini to‘liq joriy etishga xizmat qiladi. Shuningdek, loyiha doirasida hisob-kitob mexanizmini yaxshilash, to‘lov tizimini mustahkamlash va buxgalteriya tizimini isloh qilish bo‘yicha tijorat banklarining rahbarlari, moliyaviy hisobotlar tayyorlovchi buxgalter va ichki auditorlar uchun seminar-treninglar tashkil etiladi.