XXRda O'zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi o'tkazildi
19.08.2014
2753
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 19 avgust kuni davlat tashrifi bilan Pekinga keldi.
Butunxitoy xalq vakillari kengashi saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng, Islom Karimov va Si Szinpinning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda tomonlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Tomonlar o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlash va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish hamda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Shuningdk, SHHT doirasidagi munosabatlar, ushbu tuzilmani rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Ikki davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar o‘zaro munosabatlarning muhim bo‘g‘ini ekanini inobatga olgan holda, ishbilarmonlarning bevosita muloqotlarini yanada faollashtirish, savdo va investitsiyaga oid ko‘rsatkichlarni yuksaltirish, energetika, noxomashyo, yuqori texnologiyalar, transport infratuzilmalarini rivojlantirish sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida Islom Karimov va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida texnikaviy-iqtisodiy, energetika, yuqori texnologiyalar, bank-moliya kabi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi. 2014-2018-yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.
Tomonlar ushbu tashrif O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari tarixidan yana bir muhim bosqich sifatida joy olishini ta’kidlar ekan, oliy darajadagi muloqotlarni izchil davom ettirishga, iqtisodiyot, energetika, moliya, sarmoya, yuqori texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishga, gumanitar aloqalarni kengaytirishga, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga tayyor ekanini bildirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.