“Bexruz Asal MTM” MChJning murojаatiga “O‘zmilliybank”AJ ning RASMIY MUNOSABATI
14.04.2022
1229
“Bexruz Asal MTM” MChJ tomonidan Surxondaryo viloyatining, Qiziriq tumani, Xamkon MFY hududida 150 o‘rinli maktabgacha ta'lim muassasasini tashkil etish maqsadida imtiyozli kredit ajratilishi bo‘yicha “O‘zmilliybank” AJ Surxondaryo filialiga murojaat qilgan.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, tijorat banklari tomonidan mijozlarga kreditlar ajratishda ular faoliyatida doimiy daromadga ega bo‘lishi, to‘lovga layoqatli, ya'ni kredit shartnomasiga asosan to‘lovlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish qobiliyati, loyihaning texnik iqtisodiy jihatdan samarali ekanligi hamda kreditning yetarli garov bilan ta'minlanganligi ko‘rsatkchilari muhim hisoblanadi.
“Bexruz Asal MTM” MChJ tomonidan bank filialiga taqdim etilgan kredit xujjatlarini dastlabki o‘rganish natijalari bilan mijozga hujjatlardagi kamchiliklar, jumladan;
- loyiha doirasida pul oqimining kamligi, loyiha o‘zini oqlamasligi va ajratilgan kreditlar potensial muammoga aylanishi;
- garov ta'minoti sifatida taqdim etilayotgan qurilishi yakunlanmagan bino bo‘yicha tegishli hujjatlar tasdiqlanmaganligi sababli ushbu ob'ektni garovga olish maqsadga muvofiq emasligi;
- bank kredit siyosatiga muvofiq ajratilayotgan kreditning kamida 125% miqdorida bankni qanoatlantiruvchi likvidli garov ta'minotlari turlarini taqdim qilish lozimligi ko‘rsatilib, tegishli xatlar yo‘llangan.
Bundan tashqari, “Bexruz Asal MTM” MChJ rahbari 2022 yil 11 aprelida “O‘zmilliybank” AJ Bosh ofisida qabul qilinib, mas'ul rahbar xodimlar ishtirokida loyiha bo‘yicha muloqot o‘tkazilib, batafsil muhokama qilingan.
Shu munosabati bilan, bankimiz mijozidan loyiha bo‘yicha qayd qilingan kamchiliklarni to‘liq bartaraf qilib tegishli hujjatlarni bank filialiga taqdim qilishini hamda ommaviy axborot vositalaridan yoritilayotgan mavzularni chuqur va har tomonlama o‘rgangan holda yoritishlarini so‘rab qolamiz.