Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo'llab quvvatlash jamg'armasi 8-10 aprel kunlari bo'lib o'tadigan 'Turkmen Construction - 2015' xalqaro ko'rgazmasida 10 ga yaqin mahalliy tadbirkorlarning ishtiro
18.03.2015
3036
2015 yilning yanvar-fevral oylarida O'zmilliybank qoshidagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo'llab quvvatlash jamg'armasi 799 ta tadbirkorlik subyektlariga mahsulot va xizmatlarni eksport qilishda tashkiliy, huquqiy va moliyaviy xizmatlar ko'rsatdi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida, umumiy qiymati 1,68 mlrd.doll.ga teng eksport shartnomalari tuzildi va 243 ta tadbirkorlar (bulardan 2 tasi yangi eksportchi korxonalar) umumiy qiymati 108,6 mln.doll.ga teng mahsulot va xizmatlarni eksport qildi. Bundan, fevral oyida 167 ta tadbirkor umumiy qiymati 71,9 mln.dollarga teng mahsulot va xizmatlarni eksport qildi.
Tadbirkorlarga bir nechta yo'nalishlarda ko'mak ko'rsatildi. Xususan, 604 ta tadbirkorga tashqi bozorlarni o'rganish, shu jumladan, 48 ta tadbirkorga xorijdan ishonchli hamkor topishda amaliy yordam berildi. 119 ta tadbirkorga xorijda bo'ladigan xalqaro ko'rgazma va yarmarkalar, tenderlarda qatnashishda, xorijiy davlatlarning qonunchiligidan kelib chiqib talab qilinadigan ruxsat beruvchi xujjatlar, sertifikat va litsenziyalar olishda hamda bojxona rasmiylashtiruvida zarur xizmatlar ko'rsatildi. Shuningdek, 76 ta tadbirkorga eksport shartnomalarni tuzish, ularni tegishli bankda ro'yxatga qo'yishda, sug'urta polisi orqali mahsulotlarni eksport qilishda amaliy va huquqiy xizmatlar ko'rsatildi.
Bundan tashqari tashqi va ichki bozorlarni o'rganishda Jamg'arma tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning assortimenti va turlarini tizimli asosda tahlil qilish, ularning tashqi bozorlardagi raqobatdoshlik darajasini aniqlash, buning asosida eksportga ishlab chiqarilayotgan mahsulotning jahon va mintaqaviy bozorlardagi talab-ehtiyojga mos kelishini ta'minlashga qaratilgan marketing izlanishlari olib borilmoqda.
O'zmilliybank qoshidagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo'llab quvvatlash jamg'armasi bosh mutahassisi Mamatxon Oqilov “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:
– Jumladan, ip kalavasi, yangi uzilgan va quritilgan qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari, jun va boshqa turdagi mahsulotlarga xorijiy hamkorlar topish maqsadida MDH, Yevropa, Xindiston, Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakat bozorlari o'rganildi va xorijiy xaridorlar ro'yxati tuzilib, tadbirkorlarga keng tarqatildi va tarqatilib kelinmoqda. Bundan tashqari, mahsulotlar, xususan yangi uzilgan meva va sabzavotlarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilishda yuzaga keladigan transport xarajatlari bo'yicha tadbirkorlar uchun tahliliy ma'lumotlar tayyorlandi.
Marketing tadqiqotlari natijalari Jamg'armaning rasmiy saytida muntazam ravishda joylashtirib kelinmoqda. Jamg'arma rasmiy saytiga yanvar-fevral oylarida 52 ta mamlakatdan 727 ta foydalanuvchi 960 marta kirgani va 2727 ta sahifani o'qib chiqib, o'ziga zarur ma'lumotlarni olgani ma'lum.
Jamga’rma shuningdek, xalqaro ko'rgazma va yarmarkalarda qatnashib kelmoqda. Jumladan
16-25 yanvar kunlari 50 dan ortiq tadbirkorlarning 100 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan Germaniyaning Berlin shahrida bo'lib o'tgan “Yashil xafta 2015” xalqaro ko'rgazmasida ishtirok etdi.
Ko'rgazma davomida Jamg'arma Fransiyaning Chocolate de Beussent-Lachelle, Germaniyaning Younus Trading va W.Schumacher&Co GMBH kabi dunyoning nufuzli korxonalari bilan muzokaralar o'tkazdi. Natijada Chocolate de Beussent-Lachelle va Younus Trading kompaniyalari O'zbekistondan qizilmiya ildizini, W.Schumacher&Co GMBH kompaniyasi esa quritilgan mevalarni import qilishga qiziqish bildirdi va eksport shartnomalarini imzolash rejalashtirildi.
Bundan tashqari, 17-24 fevral kunlari Jamg'armaning Farg'ona viloyat filiali tashkiliy va moliyaviy ko'magida 27 ta tadbirkorning Rossiya Federatsiyasiga xaridorlar bilan muzokaralar o'tkazish va eksport shartnomalarini tuzish maqsadida tashrifi tashkillashtirildi. Tadbirkorlarni moliyaviy qo'llab quvvatlash maqsadida 16 mln.so'm moliyaviy ko'mak berildi. Tashrif natijasida, qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti bo'yicha umumiy qiymati 2,5 mln.dollarga teng eksport kelishuvlari imzolandi, 30 mln dollarga teng eksport shartnomalari va O'zbekistonda 4 ta qo'shma korxona ochish bo'yicha kelishuvlar mart oyida imzolash rejalashtirildi.
Shu qatorda, Jamg'arma O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Yaponiyaning JETRO xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda 3-6 mart kunlari Yaponiyada bo'lib o'tgan oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko'rgazmasi - «FoodEx Japan-2015»da mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishtirokini imtiyozli shartlar asosida tashkillashtirdi.
O'zmilliybank qoshidagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo'llab quvvatlash jamg'armasi bosh mutahassisi Mamatxon Oqilov so’zlariga ko’ra bundan tashqari, Jamg'arma 8-10 aprel kunlari Turkmanistonning Ashxabod shahrida bo'lib o'tadigan qurilish mahsulotlari xalqaro ko'rgazmasi “Turkmen Construction - 2015”da 10 ga yaqin mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini tashkillashtirmoqda. Tadbirkorlar uchun 36 m2 ko'rgazma maydoni 18420 Yevro mablag'lari hisobiga Jamg'arma tomonidan harid qilindi.
Yana bir ma’lumot Jamg’arma tomonidan doimiy ravishda respublikaning barcha tumanlarida eksportchi korxonalarning muammolarini o'rganish hamda ularni yechish, ishlab chiqaruvchilarni eksport faoliyatiga keng jalb qilish masalalariga bag'ishlangan uchrashuvlar o'tkazilib kelinmoqda.
Xususan, Jamg'arma USAID xalqaro tashkilotining “Hududiy iqtisodiy hamkorlik” loyihasi bilan birgalikda joriy yilning 19-20 fevral kunlari Farg'ona viloyatida qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti va unda logistika tizimlarini o'rni masalalariga bag'ishlangan 2 kunlik davra suhbatini o'tkazdi. Davra suhbatida Latviya va Qozog'istonning savdo majmualari, O'zbekistonning Latviyadagi savdo uyi, Farg'ona, Namangan va Andijon viloyatida faoliyat ko'rsatuvchi dehqon va fermer xo'jaliklari, agrofirmalar, transport-logistika kompaniyalari, qishloq xo'jaligida band kichik biznes korxonalari hamda tegishli vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari (150 ta ishtirokchi) ishtirok etdi.
Tadbir natijasida, qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti bo'yicha umumiy qiymati 121,1 mln.dollarlik 21 ta kelishuv bitimlari imzolandi.
Bundan tashqari, 19 fevral kuni Toshkent shahri va viloyati hamda Sirdaryo viloyati tadbirkorlarini Tambov viloyati (Rossiya Federatsiyasi) delegatsiyasi bilan uchrashuvi tashkillashtirildi. Uchrashuv chog'ida respublikaning tekstil va qishloq xo'jaligi sektori imkoniyatlari bilan tanishtirildi va o'tkazilgan muzokaralar natijasida tekstil va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksporti bo'yicha umumiy qiymati 38,7 mln.dollarga teng 5 ta hamkorlik bitimlari imzolandi. Shu qatorda, Jamg'arma 16 fevralda Surxondaryo viloyatida, 17 fevralda Qashqadaryo viloyatida, 18 fevralda Buxoro viloyatida va 24 fevralda Xorazm viloyatida 1370 ta tadbirkor va fermerlar ishtirokida o'tkazilgan uchrashuvlarda faol ishtirok etib, 583 ta tadbirkorga tashqi bozorlarga o'rganish bo'yicha marketing tadqiqotlari, buklet va boshqa ma'lumotlar tarqatildi.
Ushbu uchrashuvlar doirasida Jamg'arma xodimlari respublikaning ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashrif buyurib, mahsulotlarni eksport qilish bo'yicha zarur xizmatlarni ko'rsatmoqda. Jumladan, fevral oyida Jamg'arma xodimlari 110 ta korxonaga tashrif buyurishdi, 556 dan ortiq tadbirkorlar bilan muloqot qilishdi va mahsulotlarni eksport qilishda, eksportchi korxonalarni elektr energiyasi va gaz ta'minotiga ulashda, valyuta mablag'larini tegishli banklarda konvertatsiya qilishda va boshqa masalalarni yechishda amaliy ko'mak ko'rsatdi.
Farg'ona viloyat filiali «International Business Exchange» xususiy korxonasiga Qozog'istonda savdo uyi ochishga amaliy ko'mak ko'rsatdi. Bundan tashqari, “Baxmal Golden Apple” korxonasiga qayta ishlangan, muzlatilgan piyoz mahsulotlarini eksport qilishda ko'maklashildi.
Jamg'arma O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda hunarmandchilik, tekstil, mashinasozlik va qurilish sohalarida faoliyat ko'rsatuvchi tadbirkorlarni mamlakatda yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar bilan tanishtirish, ularning oldida yuzaga kelayotgan muammolarni o'rganish va yechish hamda eksport faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida, sohaviy davra suhbatlar turkumini tashkillashtirmoqda.
O'tkazilgan tadbirlar natijasi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamg'armani tashkil etish bo'yicha qabul qilgan qarorini naqadar dolzarbligi va o'z vaqtidaligini tasdiqladi.
UzReport