Plastik kartalar orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar hajmi 40 foizga oshdi
17.08.2014
3618
Ma'lumki, pul muomalasi pullarning naqd va naqdsiz ko'rinishdagi harakati bo'lib, muomala va to'lov vositasi vazifasini bajarib, tovar va xizmatlar aylanmasini o'z ichiga oladi. Iqtisodiy jarayonlarda naqd pul aylanmasi naqdsiz pul aylanmasiga nisbatan kam bo'lsa-da, uni tashkil etish, kassa operatsiyalari, chiqarish va tashish ancha mehnat va vaqtni talab etadi. Bank tizimiga elektron axborot texnologiyalarining kirib kelishi esa bu yo'nalishdagi serxarajat ishlarni yangicha tashkil etish, takomillashtirishga sharoit yaratdi.
Milliy matbuot markazida Respublika Markaziy banki tomonidan pul muomalasini takomillashtirish va bank plastik kartalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag'ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda ta'kidlanganidek, ayni paytda barcha tijorat banklarini o'z ichiga olgan plastik kartochkalar bo'yicha naqd pulsiz hisob-kitoblar amalga oshiriladigan Banklararo to'lov tizimi faoliyat ko'rsatmoqda. Shuningdek, mikroprotsessorli plastik kartochkalar va to'lov terminallarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan. Bu tizim xo'jalik yurituvchi subyektlar o'rtasida hamda milliy va xalqaro hisob-kitoblarni aniq vaqtda amalga oshirish, pul-kredit siyosatini samarali yuritish, pul oqimini boshqarishga ijobiy ta'sir ko'rsatmokda. Eng muhimi bank-moliya bozori barqarorligi ta'minlanmoqda.
Bank plastik kartalaridan foydalanishning bir qator afzalliklari mavjud. U plastik egalarini yirik miqdorda naqd pul olib yurishdan xalos etish barobarida, vaqtlarini ham tejaydi. Qolaversa, mijozlar bank kartochka hisobvarag'ida turgan pullardan foiz ko'rinishida daromad olishlari mumkin. Bu soliqqa tortilmaydigan qo'shimcha daromad sanaladi.
- Plastik kartalar tizimining rivojlantirilishi chakana savdo, pullik xizmat ko'rsatish va umumiy ovqatlanish korxonalariga qog'oz pullarni sanash, saqlash, tashish kabi kassa xizmati xarajatlarini hamda ularga sarflanadigan vaqtni tejashiga sharoit yaratdi, - deydi O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul muomalasi departamenti direktori o'rinbosari Nazirjon Safarov. - Shuningdek, korxonalarning hisobvaraqlariga pul mablag'lari o'tkazilishi tezkorligi hisobiga savdo aylanmasi o'sdi. Bu bilan hisob-kitoblarning sog'lom mexanizmi shakllanib, pul mablag'lari aylanishini nazorat qilib borish evaziga pul-kredit tizimini yuritish samaradorligi oshdi va pul massasini boshqarish, muomaladagi naqd pul umumiy massasini maqbul me'yorda saqlab turishga olib keldi.
Ma'lumotlarga ko'ra, bugun respublikamiz bo'yicha 12,4 mln. donadan ortiq plastik karta muomalaga chiqarilgan. Savdo va xizmat ko'rsatish obyektlariga 149 mingdan ortiq to'lov terminallari o'rnatilgan. Plastik kartalar vositasida ko'rsatilayotgan xizmatlar ko'lami va infrastrukturasining kengayishi tranzaksiyalar hajmida ham aks etmoqda. Xususan, shu yilning 6 oyi mobaynida plastika kartalar orqali tranzaksiyalar hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foiz ko'p bo'ldi.
Anjumanda e'tirof etilganidek, bank amaliyotiga zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi Internet va mobil telefondan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. Hozirgi paytda 57,5 mingdan ortiq mijoz internet-banking, salkam 363 ming mijoz mobil-banking xizmatidan foydalanmoqda.
Bugungi kunda jahonning yirik savdo kompaniyalari an'anaviy savdo usullaridan foydalanish bilan birga elektron tijoratdan ham keng foydalanmoqda. Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, hozirgi kunda dunyo aholisining 10 foizi xaridlarni internet tarmog'i orqali amalga oshirmoqda va bu raqam kundan-kunga o'sib bormoqda. O'zbekistonda ham "Elektron tijorat to'g'risida"gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat respublikada elektron tijoratni yanada rivojlantirish va rag'batlantirishni ko'zda tutadi. Shu bilan birga, tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda qo'shimcha sharoitlar yaratadi va texnologik bozor infrastrukturasini shakllantiradi.
Matbuot anjumanida bank hisobvaraqlarini masofadan boshqarish tizimini yanada yaxshilash bo'yicha amalga oshirilayotgan yana boshqa loyihalar xususida ham jurnalistlarga batafsil ma'lumot berildi.