2000 dan ziyod tadbirkorlar ajratilgan imtiyozlardan foydalanishdi
02.12.2015
3447
Bugungi kunda mamlakatimizda 80 ming 400 ta yoki jami xususiy biznes vakillarining 81 foizi xizmatlar sohasida faoliyat ko'rsatmoqda. Xizmat ko'rsatish sohasining qulayligi shundaki, bu sohada qisqa muddatda, kam harajat qilib, ko'p daromadlar olish mumkin. Xususan, bunga aloqa, moliya, transport, qurilish, turizm xizmatlari va savdo yo'nalishlarini misol keltirish mumkin. Iqtisodiyot vazirligi tomonidan sohaga oid davlat dasturining bajarilishi yuzasidan o'tkazilgan matbuot anjumanida bu haqida batafsil ma'lumot berildi.
Ma'lumki, sohani rivojlantirish maqsadida O'zbekiston Prezidentining "2012-2016 yillarda O’zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirish dasturi to'g'risi"gi hamda "2013-2016-yillarda qishloq joylarda xizmat ko'rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Qarorlari qabul qilingan. Ularda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi natijasida sohaning YAIMdagi ulushi sezilarli darajada o'sdi. Agar ushbu ko'rsatkich 2011-yilda 50,5 foizni tashkil etgan bo'lsa, hozirda 54,5 foizdan iborat bo'lmoqda. 2016-yilda esa, 55,5 foizgacha oshirish kutilmoqda.
-Bundan tashqari, sohada band bo'lganlar bugun jami band aholining 50 foizidan ortig'ini tashkil qiladi, deydi - Iqtisodiyot vazirligi yetakchi mutaxassisi Baxtiyor Rustamov. - Ushbu sohada faoliyat yuritayotgan 2000dan ortiq korxonalar dastur doirasida belgilangan imtiyozlardan foydalanmoqda.
Ayniqsa kredit olish bo'yicha berilgan imtiyozlar tadbirkorlarga qo'l kelmoqda. Masalan, ularga 2012-2015-yillar mobaynida 4167,5 mlrd. so'm miqdorida kredit mablag'lari ajratilgan. Xulosa qiladigan bo'lsak, sohaga oid dasturlarni amalga oshirish hisobidan O'zbekistonda jami xizmatlar hajmi 1,7 barobar, aholi jon boshiga xizmatlar esa 1,6 barobarga oshdi. Ijobiy natijalar asosan moliya, qurilish, sog'liqni saqlash, aloqa va axborotlashtirish, dasturlash, qishloq xo'jaligi texnikalariga texnik xizmat ko'rsatish va ta'mirlash hamda maishiy xizmatlarida kuzatilmoqda.
UzReport