Aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashga qaratilgan e'tibor
03.06.2015
3033
Respublikamiz aholisining asosiy turdagi meva-sabzavot mahsulotlariga bo'lgan extiyojini to'liq ta'minlash maqsadida, joriy yilda jami 9535,8 ming tonna sabzavot, 2606,3 ming tonna kartoshka, 1770 ming tonna poliz, 2703,1 ming tonna meva va 1526 ming tonna uzum mahsulotlari yetishtirish ko'zda tutilgan.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yil hosili uchun ayni paytda asosiy va oraliq ekin maydonlariga 263,8 ming gektar sabzavot, (bu - yillik rejaga nisbatan 100,3 foizni tashkil etadi), 87,1 ming gektar kartoshka (101%) va 64,3 ming gektar poliz (100,5%) ekinlari ekildi. shuningdek, ko‘p ming gektar maydonda yangi intensiv bog‘lar, tokzorlar barpo qilinib, eskirgan bog‘lar va tokzorlarda rekonstruksiya ishlari bajarildi.
Meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish darajasini yanada oshirish maqsadida, joylarda fermer xo‘jaligi negizida hamda aholi tomorqalarida ko‘plab issiqxonalar tashkil etildi.
Meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarining oshib borishi o‘z-o‘zidan ushbu mahsulotlarni nobud qilmasdan saqlab, ichki bozorga va eksportga yuborish uchun zamonaviy sovutgich kameralarga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Ushbu maqsadda qabul qilingan, 2011-2015 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash dasturiga asosan 2015 yilda joylarda 70,2 ming tonna mahsulot saqlash quvvatiga ega 97 ta yangi sovutgich kameralar tashkil qilish va 1,4 ming tonnalik 4 ta mavjud sovutgichlarni modernizatsiya qilish ko‘zda tutilib, amalda bugungi kunga qadar 6,8 ming tonna sig‘imga ega bo‘lgan 8 ta yangi sovutgich kameralar tashkil qilinib, 300 tonnalik bitta sovutgich kamera modernizatsiya qilindi.
2015 yilda sovutgichlarni ishga tushirish manzilli dasturga asosan qurilish-montaj ishlarini yakunlash va sovutgichlarni foydalanishga topshirish joriy yilning III-IV choraklariga belgilangan.
Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, ko‘rilgan chora-tadbirlar evaziga joriy yilning birinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 110 foizga ko‘p sabzavot mahsulotlari yetishtirildi va aholi ehtiyojiga yo‘naltirildi.
UzReport