Hamkorlik konsepsiyasi bo'yicha maslahatlashuvlar o'tkazilmoqda
25.10.2015
3289
Ayni paytda O'zbekiston va Butunjahon banki guruhi o'rtasida 2016-2020 moliya yillariga mo'ljallangan hamkorlik konsepsiyasi tayyorlanmoqda. Mazkur xalqaro tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasida ushbu konsepsiyani ishlab chiqish bo'yicha maslahatlashuvlar bo'lib o'tdi.
Ta'kidlanishicha, hamkorlik konsepsiyasi O'zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarining har tomonlama tahlili, shuningdek, mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli ustuvor yo'nalishlari va o'rta hamda qisqa muddatli ehtiyojlari asosida ishlab chiqiladi.
O'zbekiston bilan Butunjahon banki o'rtasida hamkorlik strategiyasi birinchi marta amalga oshirilayotgani yo'q. Bundan avvlagi strategiya 2012-2015 moliya yillarini qamrab olgan va u muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Unga ko'ra, iqtisodiyotning qishloq xo'jaligi, suv resurslari, suv ta'minoti, energetika, transport, sog'liqni saqlash va ta'lim kabi sohalarda 12 ta investitsion loyihani moliyalashtirish uchun Butunjahon banki guruhi tomonidan 1,5 mlrd. dollardan ziyod mablag'lar ajratilgan.
Ta'kidlanishicha, konsepsiya vazifalari O'zbekistonning milliy ustuvorliklariga qarab aniqlanadi. Raqobatni oshirish, sanoat tarmoqlarini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, shuningdek xususiy sektor va korporativ boshqaruvni rivojlantirish kabilar mamlakatimizning eng muhim ustuvorliklaridan sanaladi.
2016-2020 moliyaviy yillarga mo'ljallangan yangi dasturga o'tgan yillarga nisbatan ko'p mablag'lar ajratish nazarda tutilgan Moliya paketi qiymati esa 3,5 dan 4 mlrd. dollargachani tashkil qiladi.
Hamkorlik strategiyasi nafaqat moliyalash, shuningdek, texnik ko'mak, iqtisodiy va sohaviy tadqiqotlarni ham ko'zda tutadi. Unga ko'ra, O'zbekiston hukumati bilan birgalikda tahliliy va konsultativ dasturlar amalga oshiriladi. Maslahatlashuv sentyabr oyida boshlandi. Bundan tashqari, oktyabr boshidan buyon onlayn maslahatlashuvlar ham o'tkazilmoqda. Istagan kishi 3 noyabrga qadar Butunjahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi elektron manziliga konsepsiya bo'yicha takliflarini yuborishi mumkin.
UzReport