Investorlarning huquq va majburiyatlari yanada aniqlashtirildi
14.12.2014
7945
Shu yilning 9 dekabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Investitsiya faoliyati to'g'risida”gi yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga imzo chekildi va hujjat 10 dekabr kuni kuchga kirdi. Huquqiy hujjatga itnvestitsiyaviy majburiyatlar kabi bir qator yangi tushunchalar kiritilgan. Avvalgi eskirib qolgan normalar esa zamonaviy sarmoyaviy jarayonlarga moslashtirildi.
Hujjatda “investitsiyaviy loyiha” tushunchasiga aniq ta'rif berilib, uni amalga oshirish jarayonlari belgilab berildi.
Qonunga qo'shilgan yangi normaga muvofiq, sarmoyadorlar investitsion faoliyatdan olingan daromadlaridan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni amalga oshirgandan so'ng, mustaqil va erkin foydalanish huquqiga ega. Shuningdek, uning investitsiyasi yoki boshqa aktivlari noqonuniy harakatlar asosida yoki davlat va mahalliy boshqaruv organlar, mansabdor shaxslar qaror bilan rekvizitsiya qilinsa, ya'ni mol-mulk qiymatini to'lash sharti bilan, majburiy ravishda davlat ixtiyoriga olinsa, u holda investor ko'rgan zarar o'rni qoplanishi nazarda tutilgan.
Investitsion faoliyat ishtirokchilarining majburiyatlari qatoriga mablag'lardan maqsadli foydalanish majburiyati kiritildi.
Qonunda shuningdek, investitsion faoliyatni rag'batlantirishning huquqiy asoslari ham o'z aksini topdi. Unga ko'ra, davlat ushbu faoliyat uchun qulay sarmoyaviy muhit yaratish, investorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga soliq va boj imtiyozlari berish, erkin iqtisodiy hududlarni tashkil etish, xalqaro kelishuvlarni imzolash kabilarni o'z zimmasiga oladi. Hujjatda har bir alohida holat, faoliyat turi va investitsiya hajmiga qarab preferensiyalarning muddatlari ham ko'rsatib o'tilgan. Bundan tashqari, qonunda markazlashmagan investitsiyalar, sarmoyadorning shaxsiy mablag'lariga aniq ta'rif burilgan. Bunga banklar kreditlari, shu bilan birga O'zbekiston hukumati kafolati ostida olinmagan xorijiy banklar kreditlari, to'g'ridan to'g'ri xorijiy investitsiyalar kiradi. Markazlashmagan sarmoyalar qonunga hilof bo'lmagan boshqa manbaalar orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Ular investor tomonidan mustaqil boshqariladi.
Qonunda belgilanganidek, O'zbekistonning investitsiyaviy dasturi Prezident tomonidan tasdiqlanadi. Avval ushbu dastur Vazirlar Mahkamasi tasdig'idan o'tgan.
UzReport