Joriy yilda 10100 donadan ortiq yoki 410 mlrd. so'mlik qishloq xo'jaligi texnikalari yetkazib berilishi rejalashtirilgan
20.09.2013
2965
Joriy yilning 20 sentyabr kuni "O'zagromashservis" uyushmasi tizimidagi «Mashina traktor parklarini qishloq xo'jalik texnikalari bilan ta'minlashda ko'rsatilayotgan imtiyozli lizing xizmatlarini yanada takomillashtirish masalalari to'g'risida»gi mavzuda matbuot anjumani doirasida O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalariga sohaga oid bir qancha ma’lumot berildi.
Bugungi matbuot konferensiyasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 iyuldagi №08/1-8-sonli xati bilan tasdiqlangan bo'lib, "Mamlakatimiz hayotidagi muhim axamiyatga ega molik masalalar bo'yicha o'tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi"ga muvofiq tashkil etilgan. Konferensiyaga respublikamizning yetakchi matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, O'zbekiston Republikasi Qishlok va suv xo'jaligi vazirligi, O'zbekiston Fermerlar Kengashi, "O'zqishloqxo'jalikmashlizing" kompaniyasi hamda "O'zagromashservis" uyushmasining rahbar va mutaxassislari taklif qilingan.
Matbuot konferensiyasini vazirlik markaziy apparatining Qishloqda iqtisodiy islohotlar masalalari bo'yicha majmua rahbari o'rinbosari M.Qosimov olib boradi.
Yurtboshimiz boshchiligida qishloq xo'jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, fermerlarning tashabbuskorligi va tadbirkorligiga keng yo'l ochilgani bugungi kunda o'z samarasini bermoqda. Buni sohada erishilayotgan yutuqlar misolida ham yaqqol ko'rish mumkin.
Endiliqda qishloq xo'jaligida ekinlarni hududlarning tabiiy-iqlim xususiyatlariga tayangan holda, mamlakat ehtiyojlari va bozor talablari asosida joylashtirish, tuproq unumdorligini oshirish va har bir gektar maydon hisobiga olinadigan foyda miqdorini ko'paytirishga qaratilgan samarali tizimlar joriy qilinmoqda.
Masalan, so'nggi yillarda paxta ekin maydonlarining qisqartirilishi va ushbu maydonlarga donli, sabzavot, poliz va kartoshka joylashtirilishi pirovard natijada jahon moliyaviy-iqtisodiy inkirozi sharoitida aholini o'zimizda yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash, ichki bozor to'kinchiligini ta'min etib, bozor baholarining mavsumiy barqarorligiga erishish imkoniyatini yaratmoqda.
Mamlakatda qishloq xo'jaligi ekinlarining hosildorligini oshirish bo'yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasi o'laroq muayyan natijalarga erishilmoqda. 2000-2011 yillarda paxta, boshoqli don va boshqa turdagi mahsulotlarni yetishtirishda innovatsion texnologiyalarni, o'simliklarni himoya qilishning biologik usullarini keng qo'llash ekinlar hosildorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan shu kabi tizimli tadbirlar qishloq xo'jaligi mahsulotlari hajmining barqaror o'sishini ta'minlamoqda. Jumladan, o'tgan 2012 yilda O'zbekistonda yalpi qishloq xo'jaligi mahsulotlari hajmi 24 trln. 370 mlrd. so'mni tashkil etib, 2011 yilga nisbatan 107 foiz o'sishga erishildi.
Jumladan, mamlakatimizda don ishlab chiqarish hajmi 2012 yilda 2000 yilga nisbatan 1,7 martaga, kartoshka ishlab chiqarish 2,8 marta, poliz 3,1 marta, sabzavot 2,9 marta, meva va rezavorlar 2,6 marta va uzum 1,9 marta ortdi.
Sohaning barcha tarmoqlarida turli mulkchilik va xo'jalik yuritish shakllarining rivoj topishi, mahsulot ishlab chiqarish tarkibida nodavlat sektorda faoliyat ko'rsatayotgan xo'jalik sub'ektlari ulushi yuqori bo'lishiga zamin yaratmoqda. Bu borada amalga oshirilgan tadbirlar natijasida qishloq xo'jaligi yalpi mahsulotida nodavlat sektorning ulushi 99,9 foizga yetdi.
Yuqorida ko'rsatib o'tilgan yutuqlarga erishishda respublika Hukumati tomonidan fermer xo'jaliklari, mashina-traktor parklarini qishloq xo'jalik texnikalari bilan ta'minlash hamda ko'rsatilayotgan imtiyozli lizing xizmatlarini yanada takomillashtirish bo'yicha olib borilayotgan ishlarning samarasidir.
Keyingi yillarda qishloq xo'jaligiga lizing asosida yetkazib berilayotgan texnikalar turlari va soni ortib bormoqda. Lizing asosida sotilayotgan texnikalarning qatoriga traktor, kombayn, to'plab-zichlagich, paxta ekish seyalkalari va chekanka qiluvchi agregatlarning o'nlab yangi modellari kiritilgan. Lizing asosida qishloq xo'jalik texnikalarini yetkazib berish 2012 yilda 2010 yilga nisbatan qariyb 2 marta ortgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 21 maydagi "2012-2016 yillarda qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash Dasturi to'g'risida"gi PQ-1758-sonli qarori bilan tasdiqlangan "2012-2016 yillarda Qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturini amalga oshirilishini ta'minlash bo'yicha Kompleks tadbirlar"da belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.
2012-2016 yillarda Qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturini amalga oshirish doirasida qishloq xo'jaligida joriy etish nazarda tutilgan texnikaning yangi turlariga qo'yiladigan boshlang'ich texnik talablar O'zbekiston qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkentdagi Turin Politexnika universiteti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan va qishloq xo'jaligi mashinasozligi korxonalariga taqdim etilgan.
Respublikaning qishloq xo'jaligi uchun 2011 yilda jami 5095 dona ortiq, 2012 yil 5208 donadan ortiq turli rusumdagi traktor hamda agregatlar yetkazib berildi. Joriy yilda 10100 donadan ortiq yoki 410 mlrd. so'mlik qishloq xo'jaligi texnikalari yetkazib berilishi rejalashtirilgan bo'lib, bugungi kunga qadar ular asosan fermer xo'jaliklari, MMTP, MTP va "Agrotexservis MTP"larga yetkazildi.