O`zbekiston Milliy banki va Fransiyaning «Buig» kompaniyasi turizm infratuzilmasini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilishga kelishib olishdi.
07.10.2018
2879
O`zbekiston Respublikasi prezidenti SH.M. Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi arafasida, 5 oktyabr kuni Parijda o`tkazilgan O`zbek-fransuz biznes forumida O`zmilliybank va «Buig» kompaniyasi turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo`yicha 100 million evrolik bitimni imzolashdi.
Bitim davlat rahbari tashabbusi asosida qabul qilingan «Buhoro shahri va viloyatining 2017 - 2019 yillar davomida turizm salohiyatini jadal rivojlantirish dasturi»ga asosan «Qadimiy Buhoro» turizm hududini qurishni o`z ichiga oladi.
Loyiha 10 gektar hududda mehmonhonalar, savdo-ko`ngilochar markazi, restoranlar, sara uy kompleksi, landshaft bog`larini barpo qilishni nazarda tutadi.
Bitim doirasida «Buig» kompaniyasi loyihalashtirish va qurilishdan tashqari, bu yo`nalishdagi loyihalarni amalga oshirish uchun yangi investorlarni izlash va qurilgan obyektlarni boshqarishda ko`maklashadi.
«Buig» kompaniyasi O`zbekistonning boshqa turizm shaharlarida mehmonhonalar va kurortlar tizimi loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirgan.
Imzolangan bitim O`zbekistonning turizm salohiyatini rivojlantirish, uning samaradorligini oshirish, madaniy merosning noyob obyektlarini sayyohlarning keng qatlamiga tanishtirish uchun qulay sharoitlarni yaratish, zamonaviy turizm infratuzilmasini tezkor rivojlanishini ta`minlashga qaratilgan.
Bouygues Batiment International SAS (Buig Batiman Internasional SAS) — Fransiyaning 1952 yilda tashkil qilingan yirik qurilish kompaniyalaridan biridir. Buig kompaniyasi barpo qilgan inshootlar orasida - La-Mansh ostidagi tonnel, Defans arkasi, Sharl de Goll nomidagi aeroportning 2-terminali, avtostradalar va boshqa obyektlar bor. Kompaniya kapitali 25 mlrd. evroga teng, hodimlari soni 133 mingdan ortiq.