“O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi va”FERRANDI Paris” instituti o‘rtasida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha Hamkorlik kelishuvi imzolandi
22.11.2022
990
Iqtisodiy rivojlanishning zamonaviy sharoitida xizmat ko‘rsatish sohasi iqtisodiy siyosatning barcha darajalarida asosiy elementga aylanib bormoqda. Bugungi kunda ushbu sohani haqli ravishda iqtisodiyotning eng yirik tarmog‘i deb atash mumkin, u tijorat va ijtimoiy asosda ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlarni o‘z ichiga oladi.
Mamlakatimizda iqtisodiyotning mazkur tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 iyundagi “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2021 yil 11 maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish uchun 200 mln. AQSh dollari ajratildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2021 yilda mamlakatimizda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 283 trln. so‘mni, aholi jon boshiga xizmat ko‘rsatish hajmi 8 mln. so‘mga teng bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2022 yilda sohani rivojlantirishga yangi yondashuvlarni joriy etish orqali xizmatlar hajmini 1,5 barobarga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu esa qo‘shimcha 1,6 million, shu jumladan, Toshkentda - 700 mingta yangi ish o‘rni yaratilishiga imkon beradi.
Mazkur tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 18 noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi delegasiyasining Fransiya Respublikasiga oliy darajadagi tashrifi doirasida, Parij shahrida O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Fransiyaning gastronomiya va mehmonxona boshqaruvi sohasiga ixtisoslashgan yetakchi instituti - FERRANDI Paris bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Shartnoma quyidagi imkoniyatlarni beradi:
1. “O‘zmilliybank” AJ va Savdo-sanoat palatasi ko‘magida 200 dan ortiq tadbirkorlik sub'ektlarini mehmonxona va restoran biznesi, turizm, gastronomiya va boshqa xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish va malakasini oshirish;
2. FERRANDI Paris instituti tomonidan fransuz va xorijiy hamkorlar tajribasini o‘rganish maqsadida mahalliy Oliy o‘quv yurtlarida o‘zbekistonlik hamkorlar bilan qo‘shma o‘quv kurslarini tashkil etish;
“O‘zmilliybank” AJ va Savdo sanoat palatisi Forum doirasida imzolangan kelishuv O‘zbekiston va Fransiya tadbirkorlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, turizm, mehmonxona va restoran biznesi va boshqa sohalardagi xizmat ko‘rsatish sohasidagi kichik va o‘rta biznes sub'ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishiga umid bildiradi.
Ma'lumot o‘rnida: Ferrandi Paris 1920 yilda gastronomiya va mehmonxona boshqaruvi sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, Parij Il-de-France Savdo-sanoat palatasiga tegishli.
Maktab tadbirkorlik, mehmonxona va restoran biznesi yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish hamda bakalavr va magistrlarni oshxona va keytiring, novvoyxona, mehmondo‘stlik, qandolatchilik va boshqa ko‘plab sohalarda tayyorlash maqsadida, fransuz va xorijiy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantiradi.