"O‘zmilliybank" AJ va XDTB o‘rtasida 1,18 milliard yuan miqdoridagi kredit kelishuvi imzolandi
17.05.2023
648
Joriy yilning 17 may kuni Sian shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi arafasida O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi bo'lib o'tdi.
Tadbirda Xitoyning yirik kompaniyalari hamda ikki mamlakatning ishbilarmon doiralari va moliya institutlarining 600 dan ortiq vakillari ishtirok etdilar. Bu o‘z navbatda Xitoy investorlarining O‘zbekistondagi qo'shma loyihalarini amalga oshirishiga bo'lgan katta qiziqishini namoyish etdi.
Ushbu Biznes-forum o'zbek-xitoy munosabatlarini hamda ikki tomonlama keng qamrovli strategik hamkorligini yanada chuqurlashtirish masalalarini ko'rib chiqish uchun imkon yaratib berdi.
Tadbirdagi asosiy e’tibor Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekiston hududlarida transport infratuzilmasini, qayta tiklanuvchi energetikasini rivojlantirish, sanoat parklari va qishloq xo‘jaligi klasterlarini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarini amalga oshirishga qaratildi.
Biznes-forum doirasida "O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki" AJ (keyingi o‘rinlarda O‘zmilliybank) va Xitoy davlat taraqqiyot banki (keyingi o‘rinlarda XDTB) o‘rtasida 1,18 mlrd. yuan miqdorida kredit liniyasini jalb qilish to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Kredit liniyasi transport sohasidagi yo‘lovchi avtobuslar va elektr avtobuslarni sotib olish bo‘yicha infratuzilmaviy loyihasini moliyalashtirish uchun ishlatiladi.
Ushbu investitsiya loyihasi “Yangi O‘zbekistonni 2022-2026-yillarda rivojlantirish strategiyasi” islohotlar dasturida ko‘zda tutilgan transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-59-sonli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Bunday yirik loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi aholi uchun transport xizmatlarini yaxshilash, jamoat transporti yo‘nalishi tarmog‘ini kengaytirish va aholining yo‘lovchilar tashishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, zamonaviy va ekologik jihatdan qulay avtobuslar bilan yangilanishini ta’minlaydi.
Yuqoridagi kelishuvning imzolanishi XDTBning O‘zmilliybank bilan uzoq muddatli hamkorligining mantiqiy davomi hisoblanadi. Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik doirasida umumiy qiymati 1,7 mlrd. AQSh dollar bo‘lgan kredit liniyalari jalb qilingan.
Ma'lumot uchun: XDTB Xitoydagi eng yirik moliyaviy institutlardan biridir. Uning aktivlari - 2,6 trillion AQSh dollari, ustav kapitali - 231 mlrd. AQSh dollari, daromadi esa - 12 mlrd. AQSh dollariga teng. U 1994 yilda yirik sanoat tarmoqlarida infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan.