O'zbekiston banklarining aktivlari 29,540 trln. so'mdan oshdi
25.04.2012
2821
Respublika Markaziy bankida bank tizimining 2012 yilning I choragidagi faoliyati yakunlari muhokamasiga bag'ishlangan kengaytirilgan Boshqaruv majlisi bo'lib o'tdi.
Majlisni O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.Mullajonov boshqardi.
Qayd etildiki, hisobot davrida Markaziy bankning Pul-kredit siyosati 2012 yil uchun mo'ljallangan makroiqtisodiy ko'rsatkichlarning bajarilishiga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining bank tizimini yanada isloh qilish, barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishga qaratilgan farmon va qarorlari, shuningdek 2009-2012 yillarga mo'ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturida belgilangan vazifalarning so'zsiz bajarilishini ta'minlashga qaratildi.
2012 yilning I choragida mamlakatimiz bank tizimining likvidligini yanada mustahkamlash, uning barqarorligini kuchaytirish borasida katta ishlar amalga oshirildi.
Natijada, tijorat banklarining jami kapitali 2011 yilning shu davriga nisbatan 24,4 foiz oshib, 2012 yilning 1 aprel holatiga ko'ra 5 trln. 632 mlrd. so'mga etdi.
Banklarning kapitallashuvi darajasini yanada oshirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bank tizimi kapitalining etarlilik darajasi koeffitsenti xalqaro qabul qilingan standartga nisbatan ancha yuqori bo'lishi ta'minlandi.
Bank aktivlari 2011 yilning shu davriga nisbatan 29 foiz o'sib, 29 trln. 540 mlrd. so'mdan oshib ketdi.
Yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishish borasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 'Fitch Ratings', 'Moody's' va 'Standard & Poor's' kabi etakchi xalqaro reyting agentliklarining 'barqaror' reyting baholarini olgan tijorat banklarining soni 23 taga etdi.
Hisobot davrida banklar tomonidan 2012 yil uchun ustuvor vazifa qilib belgilangan mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi korxona va ishlab chiqarish tarmoqlarini jadal rivojlanishini ta'minlashga qaratilgan keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, 2012 yilning I choragida iqtisodiyotning real sektoriga yo'naltirilgan kreditlarning umumiy hajmi 32 foiz ko'payib, bugungi kunda ularning miqdori 17 trln. 102 mlrd. so'mga etdi.
Banklarning investitsiya maqsadlariga ajratilgan investitsion kreditlari miqdori ham o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar oshib, joriy yilning 1 aprel holatiga ko'ra ularning miqdori 1 trln. 427 mlrd. so'mdan oshib ketdi.
'Mustahkam oila yili' Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilgan keng ko'lamli chora-tadbirlar natijasida kichik biznes subektlariga ajratilgan kreditlar hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobar oshib, joriy yilning 1 aprel holatiga ko'ra 1 trln. 185 mlrd. so'mni tashkil etdi.
Jumladan, mikrokreditlar hajmi 238 mlrd. so'mni tashkil qilib, bu ko'rsatkich ham 2011 yilning I choragiga nisbatan 1,5 barobar ko'paydi.
Tijorat banklarining kapitallashuv darajasini yanada oshirish, ushbu sohaga xususiy kapitalni keng jalb qilish, resurs bazasini ko'paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida banklarning jami depozitlari miqdori yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, ushbu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan 30,5 foiz o'sib, bugungi kunda ularning miqdori 18 trln. 863 mlrd. so'mdan oshdi.
Aholi va xo'jalik subyektlarining bo'sh pul mablag'larini kredit tashkilotlarining depozitlariga jalb qilishni rag'batlantirish choralari ko'rilayotgani, qulay omonat turlari taklif etilayotgani, ularning banklardagi jamg'armalari qonun bilan kafolatlangani va o'z vaqtida qaytarilayotgani omonatlar miqdorining 2011 yilning shu davriga nisbatan 30,1 foiz oshib, hozirga kunda 6 trln. 264 mlrd. so'mga etishiga puxta zamin yaratdi. Bu fuqarolarimizning bank tizimiga bo'lgan yuksak ishonchidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, majlisda banklar tomonidan mijozlarga ko'rsatilayotgan xizmatlar ko'lamini kengaytirish va mijozlar ishonchini yanada oshirish borasidagi mavjud ichki imkoniyatlardan to'liq foydalanilmayotgan ayrim tijorat banklari faoliyati tanqid qilindi.
Majlisda 2012 yilning I yarim yilligida amalga oshirilishi lozim bo'lgan ustuvor vazifalar:
Xususan, banklarning kapitallashuv darajasini yanada oshirish, aholi va chet ellik investorlarning bank tizimiga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlash, iqtisodiyotdagi uzoq muddatli kredit qo'yilmalari ulushini yanada oshirish, etakchi xalqaro reyting kompaniyalari tomonidan qabul qilingan xalqaro me'yorlar, mezonlar va standartlarga asoslangan holda bank tizimini baholash ko'rsatkichlarining zamonaviy tizimini joriy etish borasida amalga oshirilishi lozim bo'lgan muhim vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, majlisda barcha tijorat banklari rahbarlari zimmasiga 'Mustahkam oila yili' Davlat dasturida belgilangan, kichik biznesni rivojlantirish uchun yanada qulay ishchan muhitni yaratish, birinchi navbatda, investitsiya maqsadlari uchun ajratilayotgan kreditlar hajmini oshirish, boshlang'ich kapitalni shakllantirish, mikrokreditlar ko'lamini kengaytirish borasidagi ishlarni faol davom ettirish vazifalari ham yuklatildi.
Majlisda muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlari qabul qilindi.