O'zbekistonda kichik biznes va hususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga 260,7 mlrd. so'mlik kreditlar berilishi rejalashtirilmoqda
27.02.2012
3298
'Tadbirkorlik - mustahkam oila poydevori' - Andijonda o'tgan biznes-forum mana shunday nomlandi.
Markaziy bank va Andijon viloyati hokimligi birgalikda tashkil etgan anjuman doirasida tadbirkorlik doirasi va aholi vakillari, ishbilarmonlikni qo'llab-quvvatlashga ko'mak beruvchi jamoat tashkilotlari va idoralar vakillari tijorat banklari rahbarlari bilan yuzma-yuz muloqot qilishdi. Ular o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarida fikr almashdilar.
Forum doirasida viloyat tadbirkorlari o'zlari ishlab chiqarayotgan mahsulot va xizmatlarni namoyish etishdi. Shu bilan birga ular tijorat banklarining 'Mustahkam oila yili'dagi kredit va depozit siyosatining asosiy yo'nalishlari bilan atroflicha tanishdilar.
Qayd etildiki, tijorat banklari 'Mustahkam oila yili davlat dasturi'ga kiritilajak loyihalarni moliyalashtirishda faol ishtirok etadi. Joriy yilda viloyatdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari rivoji uchun 260,7 mlrd. so'mdan oshiq kredit resurslari ajratishni rejalashtirmoqda. Uning 83,3 mlrd. so'mdan oshiqrog'ini mikrokreditlar tashkil qiladi. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishlari hamda oilaviy tadbirkorlik va hunarmandlikni rivojlantirish uchun salkam 9,9 mlrd so'm kredit mablag'lari yo'naltiriladi.
Bankirlar oilaviy biznesni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratishini ta'kidlashdi. Chunki ular biznesning bu turini kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning muhim bir bo'g'ini sifatida deb bilishmoqda. Oilaviy tadbirkorlik milliy an'analarimizga xos bo'lib, hozirgi iqtisodiy sharoitda uning rivojlanishi uchun etarlicha imkoniyatlar ochilayotgani ta'kidlandi. Oilaviy biznes bilan shug'ullanish oila mustahkamligini ta'minlaydi, maishiy muammolarni hal qilish imkonini yaratadi. Kredit resurslaridan foydalanish va ishlab chiqarishni tashkil etishda oilaviy mas'ullik darajasi oshadi. Jahondagi ko'pgina mashhur kompaniyalar tarixiga nazar tashlansa, aynan oilaviy biznes mustahkam poydevor bo'lgani oydinlashadi.
Oilaviy biznesning keng va jadal taraqqiyoti iqtisodiyotning turli sohalarida yangi korxonalarning paydo bo'lishi va yangi ish o'rinlarining yaratilishini ta'minlaydi. Viloyat tadbirkor ayollari loyihalariga ajratilishi mo'ljallanayotgan 30,5 mlrd so'mlik kreditlar ham aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Forum nihoyasida tijorat banklari rahbarlari kredit mablag'lari hisobiga o'z biznesini namunali tashkil etgan tadbirkorlarni qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlashdi. Shuningdek, 7 nominatsiya bo'yicha o'tkazilgan 'Eng yaxshi bizes loyiha' tanlovida g'olib chiqqan 75 ta loyiha egasiga 2012 yilda 9 mlrd.so'm miqdorida imtiyozli foizda kreditlar ajratish bo'yicha sertifikatlar topshirildi.
UzReport 24.02.2012