O'zbekistonda ro'yxatga olingan yuridik shaxslar soni 266,1 mingtani tashkil etdi
06.03.2014
2870
O'zbekiston Respublikasi Davlat Statistika qo'mitasi tomonidan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar tavsifi e'lon qilindi. Unga ko'ra, shu yilning 1 yanvar holatiga ko'ra, respublikamizda ro'yxatga olingan yuridik shaxslar soni 266,4 mingtaga yetdi.
Eslatib o'tamiz, ro'yxatga dehqon va fermer xo'jaliklari kiritilmagan. Ularning 90,5 foizi ayni paytda o'z faoliyatini davom ettirmoqda. Davlat ro'yxatiga kiritilgan korxona va tashkilotlarning 28,8 foizi savdo va umumiy ovqatlanish, 26,6 foizi sanoat, 8,6 foizi qurilish, 8,5 foizi qishloq va o'rmon xo'jaligi sektoriga taaluqli. Ularning 85,2 foizi nodavlat mulk shaklida tashkil etilgan. Shundan 35,9 foizi xususiy korxonalar, 1,8 foizi chet el investitsiyalari asosida, 47,5 foizi esa boshqa mulkchilik shaklida tashkil etilgan korxonalardir.
Jumladan o'tgan yil davomida 27,8 mingta yangi korxona, shundan 26,3 mingta xususiy biznes subyektlari ro'yxatga olindi. Korxonalarning asosiy qismi, ya'ni 24,6 foizi Toshkent shahrida ochilgan. Shuningdek, hududlar bo'yicha 10,8 foizlik ulush bilan Farg'ona, 8,8 foizlik hissa bilan Toshkent va 7 foizlik ulush bilan Samarqand viloyatlari yetakchilik qilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlari bo'yicha savdo va umumiy ovqatlanish, sanoat va qurilish sohalari dastlabki 3 ta pozitsiyada turibdi. Ularning ulushi mos ravishda 28,1, 26,4 va 21,3 foizni tashkil etdi. Ro'yxatga olingan korxonalarning 5,6 mingtasi o'z faoliyatini ixtiyoriy tarzda tugatgan.
2013 yilning yanvar-dekabr oylarida respublika yalpi ichki mahsulotida davlat ulushi 17,2 foiz, nodavlat sektor ulushi 82,8 foizga teng bo'ldi. Shuningdek, sanoat mahsulotlarining 7,2 foizi davlat, 92,8 foizi nodavlat korxononalar tomonidan ishlab chiqarilgan. Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda esa davlat korxonalari hissasi juda kam, ya'ni 0,1 foizdan iborat bo'ldi. Iqtisodiyotda band bo'lgan aholining 18,8 foizi davlat, qolgan qismi esa nodavlat sektorda faoliyat yuritgan.
UzReport 06.03.2014