SberkassaUz telegram kanalida e'lon qilingan postlar yuzasidan rasmiy munosabat
08.06.2022
1722
1-masala yuzasidan. Fuqaro Satimov Oxunjon Ikromali o‘g‘lining murojaati "O‘zmilliybank" AJ Bosh ofisining murojaatlar bilan ishlash va tegishli biznes tarkibiy tuzilmalari tomonidan nazoratga olinib, o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqildi.
Fuqaro O. Satimov 2022 yil 23 may kuni mikroqarz olish uchun bankka og‘zaki murojaat qilgan. Filial tomonidan fuqaroga mikroqarz olish uchun taqdim etilishi zarur bo‘lgan hujjatlar hamda mikroqarz shartlari to‘g‘risida batafsil tushuncha berilgan. Shundan so‘ng, 24 mayda mikroqarz olish uchun dastlabki hujjatlar filialning kredit bo‘yicha mas'ul xodimiga berilgan.
Ushbu hujjatlar mas'ul xodim tomonidan o‘rganilganda, mikroqarz oluvchiga kafil bo‘lgan fuqaro hujjatlarida aniqlangan kamchilikni bartaraf etish lozimligi tushuntirilgan.
Kamchiliklar bartaraf etilib, mijoz tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida kredit bo‘limi mas'ul xodimi ma'lumotlarni tizimga kiritishga ulgurmagan va O. Satimovning telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagan.
Natijada, fuqaro O. Satimov SberkassaUz telegram kanali administratoriga ijtimoiy tarmoq orqali holat yuzasidan xabar yo‘llagan.
Filial tomonidan mazkur holat yuzasidan kreditlash bo‘yicha mas'ul xodimga o‘z faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun intizomiy jazo choralari ko‘rilgan.
Fuqaro O. Satimovning mikroqarz bo‘yicha axborotlari tegishli dasturga kiritilib o‘rganilgan va uning natijalari fuqaroga telefon orqali ma'lum qilingan, qanday hollarda kredit ajratish mumkinligi tushuntirilgan.
Fuqaro O. Satimov telefon orqali bo‘lgan suhbat davomida "O‘zmilliybank" AJ xodimlariga bugungi kunda e'tirozi mavjud emasligini aytib, murojaati o‘rganib chiqilganligi to‘g‘risida, SberkassaUz telegram kanali administratoriga ma'lum qilganligini bildirgan.
2-masala yuzasidan. "O‘zmilliybank" AJ Matbuot xizmati o‘z mijozlari bilan doimiy ravishda aloqani ushlab turishga harakat qiladi. Bankning @nbu_uzbot - telegram boti faqatgina Bank haqida ma'lumot olish uchun ishlatiladi.
Murojaatlar uchun telegram tarmog‘ida @nbusupportbot telegram boti mavjud bo‘lib, bundan tashqari murojaatlar va ma'lumotlar uchun quyidagi muqobil aloqa kanallari mavjud:
- Aloqa markazi (78 148-00-10, (dushanba-juma kunlari 9:00 dan 21:00 gacha, shanba va yakshanba kunlari 9:00 dan 18:00 gacha);
- Ishonch telefoni (78 147-15-04, dushanba-juma kunlari 9:00 dan 18:00 gacha);
- Elektron pochta orqali:
- jismoniy shaxslar uchun - support@nbu.uz;
- korporativ murojaatlar uchun - info@nbu.uz va webmaster@nbu.uz.
- Ijtimoiy tarmoqlar orqali:
- https://www.facebook.com/uznbu;
- https://www.instagram.com/nbu.official/.
Bundan tashqari, "O‘zmilliybank" AJ rasmiy aloqa kanallari va sahifalariga hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan barcha savol va murojaatlarga tezkorlik bilan javob berib boradi va hech qaysi murojaatni e'tiborsiz qoldirmaydi.
2021 yil davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan 15 ta murojaatlarning har biriga munosabat bildirilgan va Bankning rasmiy saytiga joylashtirilgan.
2022 yil 1 iyun holatiga ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan 8 ta murojaatga to‘liq javob berilgan va Bankning rasmiy saytida ushbu munosabatlar joylashtirilgan.
"O‘zmilliybank" AJ Matbuot xizmati ham o‘z vakolatlari doirasida faoliyatini amalga oshirmoqda.
3-masala yuzasidan.
O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 5 noyabrdagi «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi O‘RQ-580-son Qonunining 8-moddasida “Banklar moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda mustaqil” ekanligi hamda 62-moddasida “Kreditlar, depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari, bank operatsiyalariga oid vositachilik haqi miqdori bank tomonidan mustaqil belgilanishi” qayd etilgan.
“O‘zmilliybank” AJning tegishli kollegial organi qaroriga asosan, naqd pulni inkassasiya qilish, saralash, o‘rab bog‘lash xarajatlarini qisman qoplash uchun bank kassalarida o‘rnatilgan terminallar orqali naqd pul mablag‘larini olishda barchaga bir xil tartibda bank xizmati tarifi o‘rnatilgan.
Shu bilan birga, "O‘zmilliybank" AJda barcha rasmiy aloqa kanallari orqali kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni asosida ko‘rib chiqilishi doimiy nazoratga olinganligini ma'lum qilgan holda murojaatlar bo‘yicha yuqorida keltirilgan rasmiy aloqa kanallari orqali murojaat qilishingizni so‘rab qolamiz.
Bank xizmatlari sifatini yanada yaxshilashda Sizning ko‘magingiz biz uchun muhim.